Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zalujniy Zelenskiyga saylovda qatnashmoqchiligini aytdi
Zelenskiy Zalujniyni Londondan chaqirgan va prezidentlikka nomzodini ilgari surishi ehtimoli haqida so‘ragan. Ukraina qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni tasdiq ma’nosida javob qaytargan. Kiyevdagilar saylovni qanday va qachon o‘tkazishni muhokama qilmoqda. Zelenskiyning yana bir raqobatchisi Budanov bo‘lishi mumkin.
Volodimir Zelenskiy Kiyevning Bankova ko‘chasidagi qarorgohida Ukraina qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni, hozirda mamlakatning Buyuk Britaniyadagi elchisi lavozimida xizmat qilayotgan Valeriy Zalujniy bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Zalujniy Londondan Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer o‘z iste’fosini e’lon qilishi arafasida Kiyevga chaqirilgan. «Ukrainskaya pravda» nashri ushbu uchrashuvning har ikki ishtirokchisiga yaqin bo‘lgan manbalarga tayanib xabar berishicha, Britaniya masalasi muhokamasidan keyin Zelenskiy Ukrainadagi saylovlar mavzusiga o‘tgan.
Nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy muloqotni so‘nggi vaqtlarda frontdagi vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarayotgani, jamoatchilik yetarlicha jipslashgani, prezidentlik saylovlarini o‘tkazish uchun «imkoniyatlar oynasi» paydo bo‘lgani haqidagi gap bilan boshlagan. Ukraina rahbari saylov jarayonida mamlakatda bo‘linish yuzaga kelmasligini ta’minlash muhimligi, shuning uchun o‘zi va Zalujniy o‘rtasidagi ehtimoliy qarama-qarshilik bilan bog‘liq xavflardan qochish kerakligini qayd etgan.
Yakunda prezident sobiq bosh qo‘mondonga to‘g‘ridan to‘g‘ri shunday degan: «Agar kuzda saylov o‘tkaziladigan bo‘lsa, siz nomzodingizni qo‘yasizmi?» «Ukrainskaya pravda» suhbatdoshlariga ko‘ra, bu savolga aniq qilib javob qaytarilgan: «Ha. Qo‘yaman».
Nashr manbalari aytishicha, Zelenskiy Zalujniy bilan amalda istalgan lavozimni muhokama qilishga tayyor bo‘lgan, ammo uning javobidan keyin hech qanday lavozim taklif qilmagan. Sobiq bosh qo‘mondonning o‘zi siyosiy karera qilishga intilmagani, ammo ko‘pchilik unga umid bog‘lagani va «nima uchun unga bildirilgan ishonchni rad etishi kerakligi»ni tushuntira olmasligini aytgan. Shu bilan uchrashuv yakunlangan.
Ko‘p o‘tmay Zalujniyning oldiga prezidentning yana ikki vakili – Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov hamda prezident partiyasining Oliy radadagi fraksiyasi rahbari David Araxamiya ham kelgan. Ular Zelenskiyning jamoatchilikda bo‘linish yuzaga kelishi mumkinligi haqidagi argumentlarini takrorlashgan, ammo Zalujniyning saylovga nomzodini qo‘yish bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolgan. «Ukrainskaya pravda» yozishicha, Umerov va Araxamiya xayrlashish chog‘ida Zalujniydan «yana bir bor yaxshilab o‘ylab ko‘rish»ni so‘ragan.
Jurnalistlar qayd etishicha, Zalujniyning reytingi yuqoriligicha qolmoqda, ammo endi 2024 yil fevral oyida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimidan ketganidan keyin kuzatilgan dinamikani ko‘rsatmayapti. Shu bilan birga, saylovlarda Zelenskiyga raqobat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yana bir ehtimoliy nomzod, prezident ofisi rahbari Kirill Budanovning ham reytingi o‘smoqda.
«Ukrainskaya pravda» yozishicha, Zelenskiy shu kunlarda yana bir uchrashuv o‘tkazgan, unda Budanov, Umerov, Araxamiya, shuningdek, prezident ofisi rahbari o‘rinbosari Oleg Tatarov hamda Ukraina mudofaa vaziri Mixail Fedorov ishtirok etgan. Zelenskiy ular bilan prezidentlik saylovlari o‘tkazish masalasini, uni qachon va qanday nomzodlar ishtirokida o‘tkazishni muhokama qilgan.
Qayd etilishicha, bu muhokamada prezident iyun oyida o‘tkazilgan yopiq sotsiologik tadqiqotlar natijalariga tayangan, ular ko‘p oylik pasayishdan keyin birinchi marta uni qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatkichlari kichik bo‘lsa-da, barqaror o‘sganini ko‘rsatgan. So‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, saylovlarning birinchi bosqichida o‘z tanlovini allaqachon aniqlab olganlarning taxminan 33 foizi Zelenskiyga, 22 foizga yaqini Zalujniyga, qariyb 14 foizi esa Budanovga ovoz berishga tayyor. Biroq, ikkinchi turda Zelenskiy Zalujniyga yutqazgan bo‘lardi (taxminan 32 foizga qarshi 37 foiz), Budanov bilan raqobatda esa kichik ustunlik bilan bo‘lsa ham g‘alaba qozonishi mumkin.
Mavzuga oid
16:47 / 02.07.2026
Rossiya Kiyevga vayronkor zarbalar yo‘lladi – suratlar
11:21 / 02.07.2026
CSIS: Rossiya har oy 30 mingdan ortiq harbiydan ayrilmoqda
20:18 / 01.07.2026
Ukraina Rossiya Bryansk oblastidan yangi hujum boshlashiga tayyorlanmoqda
19:04 / 30.06.2026