O‘zbekiston | 14:55
1174
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Gurjiston munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzoladi. Tomonlar moliya, bojxona, raqamlashtirish, yadroviy xavfsizlik, migratsiya, turizm kabi sohalarda ham hujjatlar almashgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Shuningdek, delegatsiyalar rahbarlari huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi. Jumladan:

  1. Bojxona ishlarida hamkorlik va o‘zaro ma’muriy yordam to‘g‘risida bitim;
  2. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  3. Kasbiy va oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  4. O‘zbekiston hukumati va Gurjiston hukumati o‘rtasida 2026−2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  5. O‘zbekiston Madaniyat vazirligi va Gurjiston Madaniyat vazirligi o‘rtasida 2027−2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  6. O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Gurjiston Moliya vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  7. E-Permit ruxsatnomalar almashinuvi axborot tizimini joriy etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  8. Qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  9. Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  10. Sog‘liqni saqlash sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  11. Radiatsiyaviy himoya va yadroviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik hamda axborot almashish to‘g‘risida memorandum;
  12. Mehnat migratsiyasi sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  13. Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum.

Bundan tashqari, tashrif doirasida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan Gurjiston Adliya vazirligining Majburiy ijro byurosi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum ham imzolandi.

Avvalroq Mirziyoyev va Kobaxidzening tor doirada va ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokaralarida Gurjistonda O‘zbekiston elchixonasini ta’sis etish qarori qabul qilingan, Tbilisidagi bog‘ga Alisher Navoiy nomi berilishi ma’lum qilingan. Ikki davlat o‘rtasida qo‘shma Investitsiya jamg‘armasi ochiladi, savdo aylanmasi 1 mlrd dollarga yetkaziladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid