Jahon | 17:14
2187
3 daqiqa o‘qiladi

Putinning reytingi yana pasaymoqda

Bu safar urush davridagi eng tez pasayish qayd etildi.

© Aleksandr SHCHerbak/ TASS

Rossiyaliklarning Vladimir Putinga ishonch darajasi bir haftada 3,4 foiz bandga pasaydi va 73,3 foizni tashkil etdi. Bu Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VsIOM) tomonidan 22 iyundan 28 iyunga qadar o‘tkazilgan so‘rov natijalarida aks etgan.

«Agenstvo» nashri e’tibor qaratishicha, bu urush boshidan buyon Putinning reytingidagi eng tez pasayish bo‘ldi. Joriy yildagi bundan oldingi eng tez pasayish aprel oyi boshida kuzatilgan, o‘shanda prezidentga ishonch reytingi bir hafta ichida 1,8 foiz bandga pastlagandi. 

So‘rov ishtirokchilarining 66,9 foizi Putinning prezident sifatidagi faoliyatini ma’qullagan – bu bir hafta avvalgidan 3,5 foiz bandga kam. Oxirgi marta prezidentning ma’qullash darajasi 2024 yil avgust oyida shunchalik pasaygan edi. Respondentlarning 21,3 foizi esa Putinning faoliyatini ma’qullamaydi (bir hafta oldin bu ko‘rsatkich 19,7 foiz edi).

«Jamoatchilik fondi» o‘tkazgan yangi so‘rov esa Putinning faoliyatini so‘rovnoma ishtirokchilarining 70 foizi ijobiy baholashini ko‘rsatgan. Bu bir hafta oldingiga qaraganda 1 foiz bandga kam. Shu bilan birga, Putinga ishonch darajasi bir hafta davomida 2 foiz bandga o‘sgan – 69 foizdan 71 foizga.

Rossiyadagi ijtimoiy xizmatlar (Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi hamda «Jamoatchilik fondi») 2026 yil bahoridan RF prezidenti reytingida pasayishni qayd eta boshlagandi. Rossiyadagi yoqilg‘i inqirozi fonida reytinglar pasayishi davom etmoqda.

Amerikaning Gallup tadqiqot kompaniyasi ham 2026 yil martidan may oyiga qadar davrda rossiyaliklar orasida so‘rov o‘tkazgan. Unga ko‘ra, rossiyaliklarning 60 foizi o‘z yashaydigan shaharda yoki regionda iqtisodiy holat yomonlashmoqda, deb hisoblaydi. Bu esa so‘nggi 20 yillikdagi eng maksimal ko‘rsatkich hisoblanadi (kompaniya bu kabi so‘rovlarni 2006 yildan o‘tkaza boshlagan).

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid