Jamiyat | 09:35
1163
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda narkolaboratoriya fosh etildi

Namangan viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yashirin narkolaboratoriya fosh etildi. Tadbir davomida giyohvandlik vositalari, sintetik narkotiklar tayyorlashda qo‘llaniladigan kimyoviy moddalar hamda maxsus jihozlar ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.

Foto: Videodan kadr

Giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ichki ishlar va bojxona organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbir davomida Davlatobod tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsning yashash xonadonida tashkil etilgan narkolaboratoriya fosh etildi.

Tekshiruv jarayonida ushbu manzildan 1 kilogramm 119 gramm «gashish», 111 gramm «marixuana», 493 gramm kukunsimon moddalar, sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlashda foydalaniladigan formulalar yozilgan varaqlar, turli kimyoviy suyuqliklar, giyohvandlik vositalarini qadoqlash uchun mo‘ljallangan zip-paketlar, respiratorlar, elektron tarozilar, quritish moslamalari hamda boshqa asbob-uskunalar va texnik vositalar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 6-qismi «a» bandi hamda 276-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lgan taqdirda, DXXning 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid