O‘zbekiston | 11:55
3006
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Yangi Sergeli ko‘chasidagi yangilangan infratuzilma bilan tanishdi

Yangi Sergeli ko‘chasining 2,1 kilometrlik qismida 18,7 mlrd so‘mlik ishlar bajarilib, infratuzilma yangilandi. Savdo, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar xizmatlarni o‘z ichiga oluvchi 24/7 faoliyat yuritadigan hudud tashkil etildi. Shavkat Mirziyoyev qilingan ishlar bilan tanishib, fuqarolar bilan muloqot qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni Sergeli tumanining Ittifoq mahallasidagi Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar hamda savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari faoliyati bilan tanishdi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 18,7 milliard so‘mni tashkil etadi. Ko‘chaning 2,1 kilometr qismining infratuzilmasi to‘liq yaxshilanib, savdo, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar xizmatlarni o‘z ichiga olgan kun-u tun faoliyat yuritadigan hududga aylantirildi.

O‘ndan ortiq bolalar maydonchasi, 8 ta vorkaut zonasi, kitob do‘koni hamda nuroniylar maskani ham tashkil etildi.

Hudud atrofidagi 4 ta mahallada 21 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Yangi Sergeli ko‘chasidan kuniga o‘rtacha 15-20 mingta avtotransport vositasi harakatlanadi. Loyiha to‘liq ishga tushgach, yiliga 1,2 milliondan ortiq tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Loyiha doirasida 250 dan ortiq yangi ish o‘rni ochildi. 95 ta mavjud tadbirkorlik sub’yektining faoliyati kengaytirilib, 22 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etildi.

Davlat rahbari mahalla bo‘ylab yurib, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obodonlashtirilgan ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Mahalla faollari va fuqarolar bilan muloqot qildi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid