O‘zbekiston | 17:37
1197
2 daqiqa o‘qiladi

Sergelida kanalizatsiya inshooti atrofidagi sassiq hid bartaraf etiladi

Prezident 1 sentabrgacha oqova suv qabul qilish inshootiga zamonaviy filtrlar o‘rnatib, muammoni hal qilishni buyurdi. Kelasi yildan Quyi Chirchiq tumanida yangi suv tozalash inshooti qurilishi boshlanadi, u bitgach Sergelidagi inshootga yuklama keskin kamayadi. Shuningdek, Sergeli tumanidagi chorrahalarga 455 ta “aqlli” svetofor o‘rnatilishi, 10 ming o‘rinli avtoturargohlar tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Xalq tilida “sassiq ko‘prik” deb ataladigan yo‘l o‘tkazgich / Foto: Kun.uz

Sergeli va Yangihayot tumanlarining aholisini qiynab kelayotgan yana bir masala – suv tozalash inshooti atrofidagi badbo‘y hiddir. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeliga tashrifi vaqtidagi yig‘ilishda aytib o‘tdi.

Mutasaddilarga 1 sentabrgacha oqova suv qabul qilish inshootiga zamonaviy filtrlash uskunalarini o‘rnatib, bu muammoni bartaraf etish topshirildi.

Kelasi yildan Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan Quyi Chirchiq tumanida quvvati 300 ming kub metr bo‘lgan zamonaviy suv tozalash inshooti qurilishi boshlanadi. Buning hisobidan Sergelidagi suv tozalash inshootiga yuklama keskin kamayadi.

“Aqlli” svetoforlar

Ma’lum qilinishicha, joriy yilda Sergelining asosiy 23 kilometr yo‘lida harakat xavfsizligi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Chorrahalarga 455 ta “aqlli” svetofor o‘rnatiladi, 150 ta avtobus bekati yangilanadi, 10 ming o‘rinli avtoturargoh tashkil etiladi.

Kelasi yil Yangi Sergeli ko‘chasida avtobus uchun 5,5 kilometrlik BRT yo‘lak qurish rejalashtirilgan. Bu yo‘lak Shota Rustaveli ko‘chasi bilan bog‘lanadi.

Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlarini poytaxtning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan Toshkent halqa yo‘lidagi yangi ko‘prik qurilishini tezlashtirish zarurligi qayd etildi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid