Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zganing hayotini yashagan odamlar: mansabning bahosi qancha? | 5 daqiqa
Hech kim vijdonini bir kunda yo‘qotmaydi. Bu jarayon sekin-asta sodir bo‘ladi. Avval haqiqatni aytmaysiz, keyin nohaqlikni ko‘rib ham jim turasiz. Keyin esa sukunatingizni “sharoit”, “majburiyat”, “oila” yoki “mansab” degan so‘zlar bilan oqlay boshlaysiz. Eng xavflisi ham shu. Chunki insonni mana shunday kichik murosalar o‘zgartiradi.
5 daqiqa’ning navbatdagi sonida Murod Muhammad Do‘stning “Lolazor” romani haqida gaplashamiz.
Shubhasiz, asar markazida Nazar Yaxshiboyev turadi. Bir qarashda u odatdagi amaldordan biri. Hayoti davomida mansab ko‘rgan, davrning yuqori qatlamlarida yurgan inson. Ammo muallifni uning lavozimi emas, ko‘proq “ichkarisi” qiziqtiradi. Inson qachon o‘zini yo‘qota boshlaydi? Qachon mansab shaxsiyatdan ustun keladi? Qachon odam haqiqatni emas, o‘zi ishonishni xohlagan yolg‘onni himoya qila boshlaydi? Roman shu kabi savollarga javob beradi.
Bu asarni ko‘pchilik “sovet tuzumi haqidagi roman” deydi. Bu fikrda jon bor, albatta. Sababi, asarda o‘sha davr muhiti, amaldorlar psixologiyasi, hokimiyatning insonni qanday o‘zgartirishi juda kuchli tasvirlangan. Lekin “Lolazor”ning haqiqiy qiymati yana ham chuqurroqda.
Chunki tuzumlar almashadi, davrlar o‘zgaradi. Lavozimlar boshqacha nomlanadi, ammo insonning tabiati deyarli o‘zgarmaydi.
Muallif asarda vaqtni odatdagidek tasvirlamaydi. Kecha, bugun va ertaga degan tushuncha bir-biriga qorishib ketgan. Bu uslub ham tasodifiy emas. Chunki inson o‘z hayotini ana shunday eslaydi. O‘zingiz va o‘zgalarda qolgan uzuq-yuluq xotiralar bilan butun hayotingizni tiklaysiz.
Bu asarning nomlanishi hamisha muhokamalarga sabab bo‘lib kelgan. Hamma o‘zicha talqin qiladi, anglagan haqiqatini gapiradi.
“Lolazor” oddiy bir joy nomi emas. U inson ongida saqlanib qolgan bir dunyo, qaytib bo‘lmaydigan poklik, orzu va yoshlikning ramziga aylanadi. Yaxshiboyev qancha baland ko‘tarilmasin, botinida o‘sha yo‘qotilgan ma’naviy makonni qidirishdan to‘xtamaydi. Fojia shundaki, ba’zi manzillarga qaytishning iloji bo‘lmaydi, hayot bu imkoniyatni insonga qaytadan bermaydi.
Yozuvchi romanda juda nozik kinoyadan foydalanadi. U qahramonlarini masxara qilmaydi. Biroq ularning o‘zlarini muhim deb bilgan ishlari vaqt oldida naqadar arzimas ekanini ko‘rsatadi. Bir paytlar hal qiluvchi bo‘lib tuyulgan yig‘ilishlar, balandparvoz ma’ruzalar, mukofotlar, mansablar... yillar o‘tib, bularning barchasi xotiraning chang bosgan burchagida qolib ketadi. Qoladigan yagona narsa insonning vijdoni bilan munosabati, o‘zini qay darajada toza saqlab qolgani, demoqchi bo‘ladi.
“Lolazor” nafaqat hokimiyat qanday ishlashini, balki hokimiyat inson ustida qanday tajribalarni amalga oshirishi mumkinligini ko‘rsatadi. Shuning uchun ham bu asarni faqat sovet davri bilan cheklash to‘g‘ri emas. Undagi ogohlantirish har qanday zamon uchun ahamiyatli.
Murod Muhammad Do‘st bu haqiqatni faqat Yaxshiboyev orqali ko‘rsatmaydi.
Romanning haqiqiy ko‘lami uning atrofidagi obrazlarda ham namoyon bo‘ladi. Oshno, ya’ni Xorun Kalonov, Saidqul, Aleksandr Shoymardonov, Hotam Sho‘ro, Chorshanbiyev, Muhsina xonim, Qurbonoy, To‘pori... Ular bir-biridan fe’li, taqdiri va tanlovlari bilan farq qilsa-da, barchasini bir haqiqat birlashtiradi. Ular o‘z davrining shafqatsiz spektaklida ma’lum bir rolni ijro etadi. Kimdir mansab evaziga vijdonidan kechadi, kimdir qo‘rquvni sukut bilan yashiradi, kimdir muhabbati yoki insoniyligini qurbon qiladi. Muallif ana shu turfa taqdirlarni birlashtirib, butun boshli jamiyatning ma’naviy qiyofasini chizadi.
Balki shuning uchun ham bu roman mazmunan eskirmagan. Chunki bugun ham odamlar lavozim uchun prinsipidan voz kechadi. Bugun ham haqiqatni bilsa-da, sukutni tanlaydiganlar ko‘p. Tashqi muvaffaqiyat evaziga ichkaridagi bo‘shliqni yashirayotgan insonlar hozir ham istagancha topiladi. Davr o‘zgargan, ammo insonning ichki kurashi o‘zgarmagan.
“Lolazor”ni o‘qirkansiz, shafqatsiz xulosaga kelasiz. Ya’ni insonni bir kunda yomon qilib qo‘yadigan kuch yo‘q. Uni mayda murosalar, davomli sukunatlar, arzimas manfaatlar o‘zgartiradi. Bir kuni orqaga qaraydi va o‘z hayotini emas, begona bir odamning hayotini yashab qo‘yganini anglaydi.
Isomiddin Po‘latov
Mavzuga oid
14:49 / 28.06.2026
Insoniyatni vabo emas, befarqlik mag‘lub qiladi | 5 daqiqa
12:15 / 13.06.2026
Sotilgan orzular yoxud katta bo‘lish kasalligi | 5 daqiqa
16:41 / 06.06.2026
Bir inson qanday qilib butun jamiyatni o‘zgartirdi? | 5 daqiqa
10:54 / 30.05.2026