Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari reytingi e’lon qilindi
2026 yilda dunyoning eng yirik iqtisodiyoti qaysi davlatga tegishli ekani hisoblash usuliga bog‘liq. Nominal yalpi ichki mahsulot (YaIM) bo‘yicha AQSh birinchi o‘rinni saqlab qolayotgan bo‘lsa, xarid qobiliyati pariteti (XQP) asosidagi hisob-kitoblarda Xitoy yetakchilik qilmoqda. Bu haqda Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ)ning World Economic Outlook prognozlariga asoslangan tahlilda ma’lum qilingan.
Tahlilda 2026 yil uchun dunyoning eng yirik 20 iqtisodiyoti ikki xil mezon — nominal YaIM va xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha taqqoslangan.
Nominal YaIM mamlakat iqtisodiyoti hajmini amaldagi valuta kurslari bo‘yicha hisoblaydi va xalqaro iqtisodiy taqqoslashlarda asosiy ko‘rsatkich hisoblanadi. Ushbu mezonga ko‘ra, 2026 yilda AQSh iqtisodiyoti 32,4 trillion dollarlik YaIM bilan dunyoda birinchi o‘rinda qolmoqda.

Xitoy 20,9 trillion dollar bilan ikkinchi, Germaniya esa 5,5 trillion dollarlik iqtisodiyot bilan uchinchi o‘rinni egallagan.
Xitoy so‘nggi o‘n yilliklarda jadal sanoatlashuv va eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiy modeli tufayli 2007 yilda Germaniyani, 2010 yilda esa Yaponiyani ortda qoldirib, nominal YaIM bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqqan. Biroq xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha u AQShni ilk bor 2014 yildayoq ortda qoldirgan edi.
2026 yil prognozlariga ko‘ra, Xitoyning XQP bo‘yicha YaIM 44,3 trillion dollarni tashkil etadi. Bu AQShning shu ko‘rsatkichi — 32,4 trillion dollardan 10 trillion dollardan ortiqqa yuqori.
Mutaxassislar bu farqni mamlakatlardagi narxlar darajasi bilan izohlaydi. Chunki bir dollar AQShda sotib olishi mumkin bo‘lgan tovar va xizmatlar hajmi Xitoy yoki Hindistondagiga nisbatan kamroq hisoblanadi. Shu sababli XQP bo‘yicha hisob-kitoblarda Hindiston ham dunyodagi uchinchi yirik iqtisodiyot sifatida qayd etilgan.
Tahlilga ko‘ra, Xitoy, Hindiston va Indoneziya kabi rivojlanayotgan davlatlar yashash xarajatlari nisbatan past bo‘lgani uchun XQP reytingida yuqoriroq o‘rinlarni egallaydi. Ayrim davlatlar esa nominal YaIM bo‘yicha kuchli yigirmatalikka kirsa-da, XQP bo‘yicha bu ro‘yxatdan chiqib ketadi.
Rossiya ham xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha sezilarli o‘sish ko‘rsatadi. Mamlakatning XQP bo‘yicha iqtisodiyoti 7,5 trillion dollarga baholanib, Yevropa davlatlari orasida birinchi o‘ringa chiqadi. Bu ko‘rsatkich nominal YaIMga nisbatan qariyb uch barobar yuqori ekani qayd etilgan.
Eng katta o‘sish Indoneziya hisobiga to‘g‘ri keladi. Mamlakat XQP bo‘yicha 5,4 trillion dollarlik iqtisodiyot bilan dunyo reytingida bir yo‘la o‘n pog‘ona yuqorilab, 17-o‘rindan 7-o‘ringa ko‘tariladi.
Tahlil mualliflari ta’kidlashicha, XQP ko‘rsatkichi mamlakat ichidagi iqtisodiy faollik va aholi turmush darajasini baholashda muhim ahamiyatga ega. Nominal YaIM esa xalqaro savdo, moliya bozorlari va davlatlarning global iqtisodiy ta’sirini baholashda asosiy mezon bo‘lib qolmoqda.
Shu bois iqtisodiyotning haqiqiy ko‘lamini anglash uchun har ikki ko‘rsatkichni birgalikda tahlil qilish eng to‘g‘ri yondashuv hisoblanadi.
Mavzuga oid
08:48 / 27.06.2026
Strategik resurslar xaritasi: qaysi davlat nimani nazorat qiladi?
20:55 / 25.06.2026
O‘zbekiston bola huquqlari xalqaro reytingida 96-o‘rinni egalladi
08:30 / 24.06.2026
Mamlakatlar imiji reytingi: yetakchilar va autsayderlar ma’lum bo‘ldi
17:48 / 23.06.2026