Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
JCh kundaligi. Holand Neymarni yig‘latdi, Angliya jang qildi
Karlo Anchelotti shogirdlari yaqqol vaziyatlardan, jumladan, penaltidan ham foydalana olishmadi va o‘yin oxirida Holand ularni jazoladi; Mexikoda kechgan trillerda esa inglizlar ikkinchi bo‘limda bir kishi kam bo‘lib qolishdi, ammo g‘alabaga erishishdi.
6 iyulga o‘tar kechasi va tongda jahon chempionatining 1/8 final bosqichida yana ikki uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Braziliya turnirning kashfiyot jamoasiga aylangan Norvegiyaga yutqazdi (1:2) va turnirni tark etdi, Angliya esa turnir mezbonlaridan biri Meksikaga qarshi o‘ta og‘ir o‘yin o‘tkazdi va qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi (3:2). Endi ushbu g‘olib jamoalar keyingi bosqichda yarimfinal yo‘llanmasi uchun o‘zaro o‘yin o‘tkazadi.
Neymar kech qoldi
Braziliya – Norvegiya 1:2
Gollar: Holand, 79 (0:1). Holand, 90 (0:2). Neymar, 90+10 – penalti (1:2)
Aniq ijro etilmagan penalti: Gimaraes, 14’
Braziliya: Alisson, Gabriel Magalyayns, Markinios, Duglas Santos, Danilu Luis, Kazemiro, Gimaraes (Ederson Silva, 79), Martinelli (Danilu Santos, 67), Rayan (Neymar, 67), Vinisius Junior, Kunya (Endrik, 58)
Norvegiya: Nyuland, Ayyer, Heggem, Volfe (Estigor, 90+5), Ryuerson (Eursnes, 63), Berge, Berg, Edegor, Nusa (Bobb, 46), Syorlot (Shelderup, 46), Holand
Ogohlantirish: Neymar, 90
Braziliya Norvegiyaga qarshi beshinchi o‘yinida ham g‘alaba qozona olmadi. Karlo Anchelottining sehri ish bermadi. Holand o‘z dubli bilan Braziliyani uyiga qaytarib yubordi.
Braziliya pley-offning oldingi bosqichida Yaponiya bilan o‘yinda kambek amalga oshirgan va ko‘pchilik yana Karlo Anchelottining magiyasi haqida gapira boshlagandi. Aynan murabbiyning futbolchi almashtirishlari va taktik yechimlari ikkinchi bo‘limda vaziyatni o‘zgartirgandi.
Navbatdagi o‘yinda u Yaponiyaga qarshi o‘yindagi g‘alaba goli muallifi Gabriyel Martinellini ilk bor boshlang‘ich tarkibga kiritdi. Ammo u o‘zining doimiy ampluasi hisoblangan chap qanot hujumida emas, hujumchi ortida tushdi.
Norvegiya bosh murabbiyi Stole Solbakken esa muvaffaqiyatli tarkibni almashtirmadi va uning shogirdlari o‘yinni hujumkor boshladi. O‘yin startidayoq Edegor boshlagan hujumni Berg aniq zarba bilan yakunladi, ammo bu hujum davomida Syorlot ofsaydga tushib qolgani pand berdi.
Keyin esa norvegiyaliklar hujumda to‘p yo‘qotishi braziliyaliklarning tezkor qarshi hujumiga sabab bo‘ldi, bu hujumda Kunya penalti ishladi. Ammo nuqtaga yaqinlashgan Bruno Gimaraes darvozabonni alday olmadi.

Skandinavlar to‘pga egalik qilishda davom etdi, janubiy amerikaliklar esa omadini qarshi hujumlardan izladi va bir necha yaxshi vaziyatlarga ega bo‘ldi, ammo Nyuland ishonchli o‘ynashda davom etdi va birinchi bo‘limning eng yaxshi futbolchisiga aylandi.
Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda norvegiyaliklar hisobni ochishga yaqin keldi: Magalyayns Holand bilan kurashda ustun keldi va to‘pni to‘xtatib qoldi, ammo ortda yetib kelgan Edegor uni ilib ketdi va jarima maydoniga kirib, yerlatib zarba berdi, Alissonning mahorati jamoasini goldan saqlab qoldi.
Solbakken tanaffusda hujum qanotlarini almashtirdi va Musa-Syorlot o‘rniga Shelderup-Bobb juftligini maydonga tashladi. Ikkinchi bo‘limning katta qismida jamoalar ehtiyotkor o‘yin uslubini qo‘llashdi. Raqibdan ortiqcha xavf sezmagan Anchelotti hatto yaxshi sport formasida bo‘lmagan Endrik va Neymarni maydonga tushirishga jazm qildi. Ammo ulardan birinchisi maydonga tushishi bilan o‘ta qulay imkoniyatni qo‘ldan boy berdi – Vinining zargarona pasidan keyin darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan yosh futbolchi to‘pni o‘zidan qochirib yubordi va yakunda xato zarba berdi.

Neymar esa jamoani qutqara olmadi, aksincha u maydonga tushganidan keyin jamoa ketma-ket gollar o‘tkazib yubordi. Avvaliga Shelderup qanotdan to‘pni havolatib darvozabon hududiga yetkazdi, u yerda Magalyayns bilan to‘p uchun kurashda ustun kelgan Holand boshda aniq zarba yo‘lladi – 1:0.

Ushbu hujumchi butun o‘yin davomida to‘pga deyarli teginmagan bo‘lsa-da, kerakli pallada o‘zini ko‘rsatdi. Ammo uning bu goli g‘alaba uchun yetarli bo‘lmasligi ham mumkin edi – 35 yoshli Nyuland yana bir qahramonlik ko‘rsatib, to‘sin ostidan kirib ketayotgan to‘pni to‘xtatib qoldi.
O‘yin oxirida esa Holand jarima maydoni tashqarisidan turib, Shelderupning yana bir pasini golga aylantirdi va o‘yin qahramoni maqomini Nyulanddan tortib oldi. Bu uning turnirdagi yettinchi goli bo‘ldi va u endi Messi hamda Mbappe bilan to‘purarlar poygasidagi ishtirokini davom ettirmoqda.
Neymar esa qo‘shimcha daqiqalarda ishlangan penaltini aniq ijro etish orqali so‘nggi raqsini ijro etdi – bu uning Braziliya milliy jamoasi safida so‘nggi o‘yini bo‘lib qoladi.

U o‘yindan keyin ijtimoiy tarmoqda shunday yozdi: «Men qayta va qayta urindim. Lekin endi hammasi tugadi».
Mexikoda triller
Meksika – Angliya 2:3
Gollar: Bellinghem, 36 (0:1). Bellinghem, 38 (0:2). Kiniones, 42 (1:2). Keyn, 60 – penalti (1:3). R. Ximenes, 69 – penalti (2:3)
Meksika: Ranhel, Montes (Alvares, 46), Vaskes, Galyardo, Sanches (Fidalgo, 79), Lira, Romo (Guterres, 61), Mora (S. Himenes, 61), Kiniones (Martines, 81), Alvarado, R. Himenes
Angliya: Pikford, Konsa, Geyi, O`Rayli (Spens, 74), Kuansa, Rays, Anderson (Byorn, 75), Bellinghem, Gordon, Saka (Stouns, 57), Keyn (Rodjyers, 90)
Ogohlantirishlar: Sanches, 71. Vaskes, 90 – Rays, 1. Geyi, 68. O`Rayli, 72
Chetlatish: Kuansa, 54
Turnir favoritlaridan biri hisoblangan Angliya – chorakfinalda. Tomas Tuxel jamoasi beshta gol urilgan va yorqin kechgan o‘yinda turnir mezbonlarining yurishini to‘xtatdi. Endi inglizlar pley-offning keyingi bosqichini 12 iyul kuni Norvegiyaga qarshi o‘tkazadi.
Angliya o‘tgan bosqichda Kongo DR bilan o‘yinda qiyinchilikka uchragandi va bosh murabbiy boshlang‘ich tarkibda o‘zgarishlar qilishga qaror qilib, hujum qanotlarini almashtirdi: Reshford va Madueke o‘rnida ilk daqiqalardan Gordon va Saka harakat qildi. Shuningdek, o‘ng qanot himoyasida Spens o‘rnini jarohatidan tuzalgan Kuansa egalladi. Haviyer Agirre esa hech narsani o‘zgartirmadi, uning jamoasida barchasi yaxshi ketayotgandi: meksikaliklar turnir boshidan buyon gol o‘tkazmagan ikki jamoadan (ikkinchisi Ispaniya) biri bo‘lib turgandi.
O‘yinni inglizlar kuchli pressing bilan boshlashdi, lekin Rays ortiqcha jonbozlik ko‘rsatib, xavfli o‘yin uchun qizil kartochka olishiga bir baxya qoldi – agar uning oyog‘i bir necha santimetrga og‘ib ketganida inglizlar o‘yin startidayoq o‘n kishi bo‘lib qolishi mumkin edi.
Shundan keyin Meksika tashabbusni qo‘lga oldi va vaziyatlarga ega bo‘la boshladi. 15-daqiqada Raul Himenes hisobni ochishga yaqin edi — ammo uning boshda darvozaning pastki burchagiga yo‘llagan murakkab zarbasini Pikford qaytarib qoldi.
Kuling brekdan keyin esa Angliya ham o‘ziga keldi va o‘yin boshidan buyon ilk bor darvoza sohasi tomon to‘g‘ri borgan zarbasini yo‘lladi. Ammo Gordonning zarbasidan keyin Ranhel to‘pni egallab oldi.
O‘yinning so‘nggi 10 daqiqaligi qizib ketdi. Meksika hujum qilishda davom etdi, hisobni esa inglizlar ochishdi. Avvaliga 36-daqiqada Rays butun maydonni to‘p bilan bosib o‘tdi va qanotda o‘zini taklif qilgan Sakaga yetkazdi, u esa to‘pni havolatib jarima maydoni markaziga oshirdi, u yerda meksikalik himoyachilar Bellinghemni qo‘riqlay olishmadi.
Meksikaliklar bu zarbadan o‘ziga kelishga ulgurmasdan ikkinchi golni o‘tkazib yuborishdi: maydon markazida turnirning eng yosh futbolchisi, 17 yoshli Gilberto Mora Gordon va Andersonning bosimi ostida to‘pni oldirdi, tezkor qarshi hujum Keyn Bellinghemning ikkinchi goliga assistentlik qilishi bilan yakunlandi.
Shunga qaramay, Meksika sochilib ketmadi va tezda javob golini urdi. Standart vaziyat ijro etilganida Konsa to‘pni uzoqlashtirishda xatoga yo‘l qo‘ydi va darvoza qarshisida yolg‘iz qoldirilgan Kiniones qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi va turnirdagi to‘rtinchi golini urdi – 1:2.
Tanaffusga qadar Raul Himenesda yana ikkita yaxshi vaziyat bo‘ldi: avvaliga olis burchakni aniq nishonga ololmadi, keyin esa Pikford uning zarbasidan keyin to‘sin ostiga borayotgan to‘pga yetib bordi.
Meksikaliklar himoyachisi Sesar Montes esa hisobni tenglashtirish uchun o‘ta qulay vaziyatni qo‘ldan chiqardi: darvozaga juda yaqin turgan futbolchi to‘pga bir teginishda zarba bera olmadi va ortdan yetib kelgan Bellinghem xavfni bartaraf etdi.

Meksikaliklar ustozi ushbu futbolchisini tanaffusda almashtirib yubordi.

Ikkinchi bo‘lim startida inglizlar uchinchi golni ham urishga yaqin keldi, ammo Niko O’Raylining zarbasidan keyin to‘p ustunga bordi. Biroz o‘tib esa o‘yinni butkul o‘zgartirib yuborgan voqea sodir bo‘ldi: 53-daqiqada Jarrel Kuansa jamoadoshlarini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. U Galyardodan to‘pni olib qo‘yishga urinib, butsasining ostki qismi bilan raqibning to‘pig‘iga zarba berdi, bosh hakam VAR aralashuvidan keyin inglizlar himoyachisini maydondan chetlatdi.

«Atsteka» o‘yingohiga yig‘ilganlar bayram qilishga kirishdi, ammo ularning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi – meksikaliklar darvozaboni Ranhel jarima maydoniga kirib kelgan Gordonni yiqitdi va penaltiga sababchi bo‘ldi. Keyn zarbani aniq ijro etib, turnirdagi gollari sonini 6 taga yetkazib oldi.
Meksika son jihatdan ustunligidan foydalanib, to‘liq hujumga o‘tdi va gollar shousini davom ettirdi. Javob goli ham penaltidan urildi – himoyaga yordamga qaytgan Keyn to‘pni uzoqlashtirishga urinib, ortdan kelgan raqib futbolchisiga zarba berib yubordi.

Nuqtaga yaqinlashgan Himenes sovuqqonlik bilan zarba yo‘lladi – 2:3.
Shu pallada navbatdagi kuling brek inglizlar joniga ora kirdi. Tomas Tuxel yuzaga kelgan tanaffusdan foydalanib, shogirdlariga kerakli ko‘rsatmalarni berdi va jamoa 5-3-1 sxemasida o‘ynashga kirishdi. Murabbiy zaxiradan Jon Stounz, Spensa hamda bu mavsumda hali o‘ynamagan Den Byorn kabi himoyachilarni maydonga tashladi, uning jamoasi qolgan yarim soat mobaynida (o‘yinga 11 daqiqa qo‘shib berildi) bor e’tiborini raqibni jarima maydoniga kiritmaslikka qaratdi va buni a’lo darajada uddaladi. Meksikaliklarning havodan uzatmalari naf bermadi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar tugayotganida hisob tenglashishi mumkin edi, ammo darvozabon hududida ikki raqib qurshovida turgan Stounz to‘pni maydondan chiqarib yuborishga ulgurdi.
Inglizlar hisobdagi ustunlikni saqlab qolish uchun jang qildi va yakunda omon qoldi.
Endi navbatda 12 iyul kuni Erling Holand boshchiligidagi norveglarga qarshi kechadigan yana bir jang kutmoqda.
Mavzuga oid
00:53
Ronaldu JCh-2026 faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati ekanligini aytdi
15:02 / 05.07.2026
JCh anonsi. Braziliyada noqulay raqib, Angliya mezbonlarga qarshi
10:45 / 05.07.2026
JCh kundaligi. Paragvay Fransiyani qiynadi, Marokash Kanadani jazoladi
11:51 / 04.07.2026