Jamiyat | 18:48
2086
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda uy xizmatchisi 91 yoshli ayolni qiynab kelgani aniqlandi

Uy xizmati va keksa yoshdagi ayolga qarash uchun yollangan qiz yashirin ravishda uy egalarining buvisini qiynab, kaltaklab kelgan. Ojiz ahvoldagi ayol yaqinlariga bu haqda aytib berolmagan. Xizmatchining qilmishi yashirin kamera orqali fosh etilgan.

Toshkent shahrida keksa yoshdagi ayolni qiynab kelgan qiz jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmiga ko‘ra, 33 yoshli Yu.U. poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi xonadonlardan birida uy xizmatchisi bo‘lib ishlagan. U 3-4 oy davomida xonadonda istiqomat qiluvchi 91 yoshli R.N.ni muntazam ravishda urib, qiynab kelgan.

Uning bu harakati uydagi yashirin kamera orqali fosh etilgan.

Uy xizmatchisi sudda aybiga iqror bo‘lgan.

Menga xonadonda tozalik ishlarini amalga oshirish va 91 yoshli buviga qarash vazifasi yuklatilgandi. Har oyda bir-ikki marotaba dam olish kunlari berilgandi. Oylik ish haqim 7 mln so‘m bo‘lgan.

2025 yil taxminan dekabr oyida doimiy ishlab charchaganim sababli buvijonni hojatxonaga olib kirgan vaqtimda uni urib, tan jarohati yetkazdim. Bu holat 2026 yil 19 mart kuniga qadar davom etib keldi. Bosh, bo‘yin va qo‘l qismlariga urish orqali unga doimiy ravishda tan jarohati yetkazib kelganman”, degan sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.

19 mart kuni ertalab R.N. erta uyg‘onib, hojatxonaga borishini aytgan. Yu.U. doimgidek qo‘li bilan uning bosh va yuz qismiga urib, tan jarohati yetkazgan. Keyin xonaga qaytib kelishgan. Shu payt xonaga buvining nevarasi kirgan hamda hol-ahvol so‘ragan. Buvi esa hech narsa demasdan yig‘lab yuborgan.

Shundan so‘ng uy egalari xonadonga o‘rnatilgan yashirin kameralardagi tasvirlarni ko‘rib chiqishgan hamda uy xizmatchisining qilmishi fosh bo‘lgan.

JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2026 yil 18 iyundagi hukmi bilan Yu.U. Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid