Texnologiya | 08:44 / 07.07.2026
33
5 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng tezkor vertolyotlar: yetti rekordchi ro‘yxati

Vertolyotsozlik sohasidagi muhandislar o‘nlab yillar davomida bir muammo bilan kurashib kelmoqda: tezlik oshgan sari parvoz barqarorligi va boshqaruvchanlikni saqlash tobora qiyinlashadi. Shunga qaramay, zamonaviy texnologiyalar tufayli ayrim vertolyotlar bu cheklovlarni yengib, dunyodagi eng tezkor parvoz qiladigan mashinalarga aylandi.

Westland Lynx / Wikimedia Commons

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, vertolyot parraklarining uch qismi tovush tezligiga yaqinlashganida murakkab aerodinamik jarayonlar yuzaga keladi. Bu esa vertolyotning maksimal tezligini jiddiy cheklaydi. Shu bois an’anaviy konstruksiyadagi vertolyotlar uchun yuqori tezlikka erishish samolyotlarga nisbatan ancha murakkab vazifa hisoblanadi.

Biroq yangi turdagi parraklar, kuchli dvigatellar va ilg‘or konstruktiv yechimlar tufayli bir nechta modellar rekord darajadagi tezlikni namoyish etgan.

1. Westland Lynx — 400 km/soat

Westland Lynx hozirgacha klassik sxemada qurilgan eng tezkor vertolyot hisoblanadi. 1986 yilda maxsus modernizatsiya qilingan ushbu model Xalqaro aviatsiya federatsiyasi (FAI) tomonidan rasman tan olingan 400,87 km/soat tezlik rekordini o‘rnatgan. Bu natija haligacha yangilanmagan.

Vertolyot dastlab transport, razvedka va suvosti kemalariga qarshi kurash vazifalari uchun yaratilgan. Rekord BERP turidagi yangi parraklar va modernizatsiya qilingan dvigatellar hisobiga qo‘lga kiritilgan.

Sikorsky CH-53K King Stallion / Wikimedia Commons

2. Sikorsky CH-53K King Stallion — 315 km/soat

AQSh Dengiz piyodalari korpusi uchun ishlab chiqilgan mazkur og‘ir transport vertolyoti o‘z sinfidagi eng tezkor mashinalardan biri sanaladi.

U zirhli texnikalar, artilleriya tizimlari va yirik yuklarni tashish imkoniyatiga ega. Uchta kuchli dvigatel, kompozit konstruksiya va raqamli boshqaruv tizimi unga yuqori tezlik va katta yuk ko‘tarish qobiliyatini birlashtirish imkonini bergan.

CH-47F Chinook / © Wikimedia Commons

3. Boeing CH-47F Chinook — 315 km/soat

Ikki parrakli CH-47F Chinook qariyb oltmish yildan buyon dunyodagi eng mashhur og‘ir transport vertolyotlaridan biri hisoblanadi.

Uning bo‘ylama ikki parrakli sxemasi orqa rul parragiga ehtiyoj qoldirmaydi. Bu dvigatel quvvatining katta qismini ko‘taruvchi kuch va tezlikni oshirishga yo‘naltirish imkonini beradi.

Mi-35M / RIA Novosti

4. Mi-35M — 310 km/soat

Mi-35M Rossiyada seriyali ishlab chiqariladigan eng tezkor va kuchli qurollangan zarba vertolyotlaridan biri hisoblanadi.

U afsonaviy Mi-24 modelining chuqur modernizatsiya qilingan varianti bo‘lib, desant tashish imkoniyatini tankka qarshi raketalar, reaktiv snaryadlar va 23 millimetrli to‘p bilan birlashtirgan.

AgustaWestland AW101 Merlin / © Wikimedia Commons

5. AgustaWestland AW101 Merlin — 309 km/soat

Uch dvigatelli AW101 Merlin suvosti kemalariga qarshi kurash, qidiruv-qutqaruv va harbiy transport vazifalari uchun qo‘llanadi.

Katta o‘lchamiga qaramay, u 300 km/soatdan yuqori tezlikka erisha oladi. Uzoq masofaga parvoz qilish imkoniyati tufayli Buyuk Britaniya, Italiya va NATOga a’zo boshqa davlatlarda keng foydalaniladi.

Ka-52 «Alligator» / Wikimedia Commons

6. Ka-52 «Alligator» — 300 km/soat

Ka-52 «Alligator» yuqori tezlik va yuqori manyovrchanlikni o‘zida mujassam etgan.

Uning o‘ziga xos koaksial parraklar sxemasi orqa rul parragidan voz kechish imkonini berib, quvvat yo‘qotilishini kamaytiradi. Vertolyot tankka qarshi boshqariladigan raketalar, turli xil raketa qurollari va 30 millimetrli avtomatik to‘p bilan jihozlangan.

NHIndustries NH90 / Wikimedia Commons

7. NHIndustries NH90 — 300 km/soat

Yevropaning NHIndustries konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan NH90 ham taktik transport, ham dengiz versiyalarida ishlab chiqariladi.

U harbiylarni tashish, suvosti kemalariga qarshi operatsiyalar, gumanitar missiyalar va qutqaruv ishlarida qo‘llanadi. Soatiga 300 kilometrgacha tezlikka erisha olishi uni dunyodagi eng tezkor o‘rta sinf harbiy vertolyotlaridan biriga aylantirgan.

Mutaxassislar fikricha, vertolyotsozlikdagi yangi texnologiyalar kelgusida bu ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilashi mumkin. Biroq ayni paytda Westland Lynx o‘rnatgan jahon tezlik rekordi hali ham saqlanib qolmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid