Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Mustamlakadan chiqqan kamerunlik». Mbappega irqchilik qilindi
Paragvaylik senator fransuz futbolchisini keskin ohangda haqorat qildi. Kilian unga javob qaytardi. Makron ham futbolchining yonini olib chiqdi. Senator esa postini o‘chirib yubordi va o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatmoqda: u futbolchini gender zo‘ravonlikda ayblagan.
JCh-2026 nimchorakfinalida Paragvay va Fransiya o‘rtasidagi uchrashuvda chiqqan olov tinay demayapti. Paragvaylik senator Kilian Mbappeni qattiq tanqid qildi irqchilikka yo‘l qo‘ydi.

«Mustamlakadan chiqqan kamerunlik. Takabbur va badbashara».
Paragvaylik senator Selesta Amarilya Fransiyaga qarshi o‘yindagi voqealarni shu qadar og‘ir qabul qildiki, X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Kilian haqida shunday so‘zlarni yozdi:
«Zo‘r berib o‘zini fransuz qilib ko‘rsatuvchi mustamlakadan chiqqan kamerunlik. Takabbur, puldor va badbashara. U butun o‘yin davomida asabiylashdi va butun jamoasi kabi o‘lgudek qo‘rqib ketdi, ular birorta gol ura olishmadi va faqat baxtli tasodif tufayli g‘alaba qozonishdi.
Paragvay jamoasiga ta’na qilish mumkin bo‘lgan yagona narsa – o‘yindan keyin hech kim unga shapaloq tortmagani.
Bu yigitcha hatto yozishni ham o‘rganmagan, ona suti o‘rniga kokos sutini ichgan, u tinglaganlar orasida eng o‘qimishlisi esa shimpanze bo‘lgan. Orlando Gil [Paragvay darvozabon] unga o‘rta barmog‘ini ko‘rsatishi kerak edi».
Amarilyaning Kilianga bunchalik kuchli nafrat izhor etishiga o‘yindan keyin Mbappe paragvayliklar darvozaboniga qo‘l berishdan bosh tortgani va uni masxara qilgani sabab bo‘ldi.

Shundan keyin darvozabon to‘pni unga qarata otib yuborgandi.

Qayd etish kerakki, Paragvayda juda ko‘pchilikni fransuz futbolchisining ushbu xatti-harakati qattiq norozi qildi – jamoa turnirni tark etganidan keyin mahalliy matbuotda unga hujum qilindi.
Mbappening xatti-harakati Argentina milliy jamoasi sobiq darvozaboni, o‘yinda DSpors telekanali uchun ishlagan Serxio Goykocheaga ham yoqmagan: «To‘g‘ri, buni Mbappening ijrosida ko‘rish achinarli. Men futbol folklorini tushunaman, ba’zi janjallarni tushunaman, lekin oxirida g‘alaba qozonganingda o‘zingni shunday tutish, tabassum qilish va maqtanishni emas».
«Siz lavozimiga noloyiq jirkanch ayolsiz». Mbappe javob qaytardi

Kilian Mbappe jim turishni istamadi va senatorga murojaatida to‘g‘ridan to‘g‘ri shunday dedi:
«Madam Selesta Amarilya, siz o‘z lavozimingizga munosib bo‘lmagan jirkanch ayolsiz. Siz Paragvayni – butun turnir davomida ehtirosli va sharafli o‘yin ko‘rsatgan mamlakatni ifoda etmaysiz.
Sizning so‘qirligingiz va oshkora irqchiligingiz tufayli butun dunyo futbolchilaringiz ushbu jahon chempionati davomida bosib o‘tgan yo‘lni va ko‘rsatgan tarixiy sa’y-harakatlarini allaqachon unutdi. Ular o‘z o‘rnini mamlakat uchun eng yomon imij yaratuvchi noshud xonimga bo‘shatib berishdi.
Men u kabi odamlarga nafrat va irqchilikni butun dunyo bo‘ylab bemalol yoyishga hech qachon yo‘l qo‘ymayman».
Makron Mbappeni himoya qildi. Federatsiya senatorni sudga bermoqchi
Fransiyada hamma futbolchiga nisbatan irqchilikni qoralamoqda.
Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Dide Deshamning yordamchisi Gi Stefan bu so‘zlarni jirkanchlik deb atagan: «Biz bu haqda eshitdik. Buni hali Kilian bilan muhokama qilishga ulgurmadik. Uchta so‘z: bu nomunosib, jirkanch, qabih. Tabiiyki, men federatsiya bayonoti va Kilianning so‘zlariga qo‘shilaman» .
Mbappeni Fransiya sport vaziri Marina Ferrari ham himoya qilib, Amarilyaning so‘zlarini g‘azabni keltiruvchi so‘zlar deb atadi va uning «irqchilik ruhidagi xuruji»ni qoraladi: «Kilian Mbappega hujum qilish orqali senator sardorimiz ifodalovchi barcha narsalarga va mamlakatimiz himoya qiladigan barcha narsalarga: erkinlik, tenglik va birodarlikka hujum qilmoqda. Kapitanimiz, murabbiyimiz va butun Fransiya milliy jamoasini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman».
Fransiya futbol federatsiyasi prokuraturaga murojaat qilmoqchi: «Paragvaylik senator Selesta Amarilyaning Kilian Mbappega nisbatan irqchilik ruhidagi bayonotlari juda jirkanch va qabul qilib bo‘lmaydigan holdir. Qanday qilib bunday so‘zlar aytish mumkin? Bu jinoyatchilik va qoralanishga loyiqdir. Bunday so‘zlar qonun bo‘yicha ta’qib qilinishi kerak». Bunday chiqishlar mamlakatni ham haqoratlashi qo‘shimcha qilingan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Kilianning tarafini oldi: «Kilian Mbappe uchun yana bir gol – bu safar irqchilikka qarshi. Men uni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Iflos so‘zlar ishlatilganda, qadriyatlarimiz javob beradi: qadr-qimmat, hurmat, birodarlik».
Paragvay hukumati senatorning so‘zlarini qoralab, bu so‘zlar «Paragvay xalqi pozitsiyasini aks ettirmasligi» qayd etildi:
«Paragvay – hokimiyatning bo‘linishi va uning tarmoqlari mustaqilligi tamoyili asosida boshqariladigan demokratik respublika. Bu o‘rinda mazkur senator o‘z so‘zlari uchun shaxsan javobgardir. Ular respublika hukumati yoki Paragvay xalqining pozitsiyasini aks ettirmaydi.
Hukumat inson huquqlarini himoya qilish, barcha insonlar uchun tenglik va hurmat g‘oyalariga sodiqligini, shuningdek, irqchilik, ksenofobiya, murosasizlik hamda nafrat va kamsitishning barcha shakllariga qarshi kurashda qat’iy ekanini tasdiqlaydi.
Shuningdek, u ushbu so‘zlardan jabrlanganlar bilan birdamligini bildiradi va Paragvayni uzoq yillik do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro anglashuv munosabatlari bog‘lab turgan Fransiya xalqiga hurmatini yana bir bor izhor etadi».
«Dahshatli gender zo‘ravonligi»
Senatorning o‘zi esa chekinmoqchimas: u o‘z postini o‘chirdi, ammo futbolchini seksizmda ayblab, sud bilan tahdid qilmoqda.
«Mening postlarim his-tuyg‘ular jo‘sh urib turgan paytda, qonim qaynab turganida yozilgan edi. Oxirgi hushtakkacha siz bilan tengma-teng kurashgan ajoyib paragvaylik futbolchilarni masxara qilishingizni ko‘rib, yozgan edim.
Biroq sizga ham o‘zim haqoratlanganimdek haqorat bilan javob qaytarganimdan darhol pushaymon bo‘ldim. Men o‘zim nafratlanadigan xatti-harakatlarni takrorlaganimni anglab yetdim, shuning uchun postni o‘chirib tashladim. Mening gaplarim sizni ranjitganini tushunaman, chunki kamsitilish og‘riq beradi.
Endi sizdan ham so‘zingizdan qaytarib olib, mendan uzr so‘rashingizni talab qilaman. Men sizning haqoratlaringizga toqat qila olmayman. Siz meni tanimaysiz. Siz mening kimligimni bilmaysiz va meni o‘z lavozimiga noloyiq jirkanch ayol deb aytishga haqqingiz yo‘q.
Men Paragvay xalqining saylangan senatori hisoblanaman. Bundan oldin ham xalq tomonidan saylangan parlament deputati edim. Minglab paragvaylik erkaklar va ayollar menga ovoz berishgan va meni o‘z ovozi deb bilishadi. Mening asosiy vazifam – Paragvay xalqi nomidan gapirish, ular ayta olmaydigan narsalarni aytish va kerak bo‘lsa, mamlakatni hayotim evaziga himoya qilishdir.
Men o‘z mamlakatimni ifoda etaman, chunki meni erkin ovoz berish yo‘li bilan saylashgan. Men demokratik saylovlarda mamlakatda qonunlarni qabul qilishga yordam berish va uning ovozi bo‘lish uchun saylanganman. Siz o‘z mamlakatingizni himoya qilish va uning xalqini ifodalash uchun saylanish nimani anglatishini tasavvur ham qila olmaysiz.
Siz kimsizki, meni tanimay turib, nomunosib yoki jirkanch deysiz? Bu shafqatsiz gender zo‘ravonligi. Bu o‘z xalqining demokratik ovozi bilan o‘z lavozimiga sazovor bo‘lgan ayolga nisbatan siyosiy zo‘ravonlik hamdir.
Jinsim tufayli menga nafrat sochdingiz. Siz meni haqorat qilyapsiz, chunki men ayolman. Siz mening ayol va siyosiy vakil sifatidagi qadr-qimmatimga tajovuz qilyapsiz.
So‘zlaringizni qaytarib oling, Fransiya fuqaroligiga munosib bo‘ling va uzr so‘rang. Aks holda, gender zo‘ravonligi uchun sudga da’vo arizasi berishim mumkin».