Jahon | 09:10
2243
5 daqiqa o‘qiladi

AQShning Eronga yangi hujumlari mintaqada keskinlikni yanada oshirdi

AQSh harbiylari Eron hududidagi bir qator harbiy obektlarga ommaviy zarbalar berdi. Vashington bu hujumlarni Tehron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida uchta savdo kemasiga qilingan hujumlarga javob sifatida izohlamoqda. Eron esa AQSh harakatlarini sulh kelishuvining qo‘pol buzilishi deb baholadi.

Foto: Amirhosein Khorgooi/ISNA/AP Photo/picture alliance

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qilishicha, 7 iyul kuni kechqurun amalga oshirilgan zarbalar Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uchta savdo kemasiga hujumidan keyin o‘tkazilgan.

CENTCOM bayonotida Tehronning harakatlari «asossiz, xavfli va o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvning ochiqchasiga buzilishi» ekani ta’kidlangan. Qo‘mondonlikka ko‘ra, AQSh mazkur hujumlar orqali Eron harbiy infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazishni maqsad qilgan.

Buyuk Britaniya Harbiy-dengiz kuchlari huzuridagi dengiz savdo qatnovini muvofiqlashtirish markazi (UKMTO) ma’lumotiga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi hodisalar davomida bir tanker dron hujumi oqibatida yengil shikastlangan. Shu bilan birga, Qatarning suyultirilgan gaz tashuvchi Al-Rekajat tankeri noma’lum snaryad bilan nishonga olinib, jiddiy zarar ko‘rgan. Uchinchi kemaga oid rasmiy ma’lumotlar hozircha ochiqlanmagan.

Keyinroq CENTCOM amalga oshirilgan operatsiya tafsilotlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, AQSh kuchlari Eronning havo hujumidan mudofaa tizimlari, qo‘mondonlik va aloqa tarmoqlari, qirg‘oqdagi radiolokatsiya stansiyalari, kemalarga qarshi raketa majmualari hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ga tegishli 60 dan ortiq tezyurar harbiy qayiqlarni nishonga olgan.

Zarbalardan biroz avval Vashington Eron neftiga nisbatan ikki hafta avval bekor qilingan sanksiyalarni yana kuchga kiritgan.

Eron davlat televideniyesi esa suyultirilgan gaz tashuvchi tanker Tehron tomonidan berilgan ogohlantirishlarga amal qilmagani uchun nishonga olinganini ma’lum qildi. So‘nggi kunlarda Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida faqat o‘zi belgilagan yo‘laklar orqali harakatlanish xavfsiz ekanini bir necha bor ta’kidlab kelgan.

Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy AQShning sanksiyalarni qayta joriy etishi va keyingi harbiy zarbalari ramkaviy kelishuvning «jiddiy buzilishi» ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron milliy manfaatlari va xavfsizligini himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘radi.

Shu bilan birga, Anqarada o‘tayotgan NATO sammiti doirasida Fransiya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamda NATO mamlakatlari bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida xalqaro dengiz xavfsizligi missiyasini tashkil etish masalasini muhokama qilmoqda. Uchrashuvlarda Bahrayn, Kuvayt, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari vakillari ham ishtirok etmoqda.

Biroq Eronning mazkur tashabbusga qo‘shilishga tayyor emasligi mintaqadagi keskinlikning yaqin vaqt ichida pasayishi ehtimolini kamaytirmoqda.

Vashington va Tehron o‘rtasida imzolangan memorandumga muvofiq, 60 kun ichida tomonlar Eron yadroviy dasturi, AQSh qo‘shinlarining mintaqadagi ishtiroki hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi kemalardan to‘lov undirish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishishi lozim edi. Biroq hozirga qadar muzokaralarda sezilarli siljish kuzatilmagan.

Bundan tashqari, Eron G‘arb davlatlariga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq minasizlantirishga haligacha ruxsat bermagan. Oqibatda kemalar cheklangan yo‘laklar orqali harakatlanmoqda va yuk tashish hajmi mojaro boshlanishidan oldingi darajaning yarmidan ham kamligicha qolmoqda.

Kuzatuvchilarning fikricha, AQShning yangi harbiy operatsiyasi Yaqin Sharqda yanada keng ko‘lamli harbiy keskinlik xavfini oshirishi mumkin. Shu bilan birga, Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralar ham deyarli to‘xtab qolgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq Eron bilan kelishuv imzolanmasa, Vashington «ishni oxirigacha yetkazishini» bildirgan edi. Bunga javoban Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi AQSh tahdidlari davom etayotgan bir paytda yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralar boshlanmasligini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid