Jahon | 09:56
1427
5 daqiqa o‘qiladi

Hamas G‘azodagi fuqarolik hukumatini tarqatib yubordi

Hamas G‘azo sektorini qariyb yigirma yildan beri boshqarib kelgan hukumatni tarqatib yubordi va hokimiyatni falastinlik texnokratlar guruhiga topshirishga tayyorligini ma’lum qildi. Guruh o‘z nazorati ostida qolgan hududlarda xavfsizlik va tartibni saqlashni davom ettiradi.

Foto: AP Photo

G‘azo shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Hamas hukumati media idorasi rahbari Ismoil al-Slavabta nazorat organi hisoblangan «Hukumat favqulodda qo‘mitasi» tarqatib yuborilganini aytdi.

«Bu kelishilgan choralarni amalga oshirishdagi jiddiyligimizni ko‘rsatadi va ma’muriy o‘tish jarayonini osonlashtirish maqsadini ko‘zlaydi», dedi Ismoil. Reutersning Hamas rasmiysiga tayanib yozishicha, vazirliklarning o‘zi va tayinlangan xodimlar o‘z joyida qoladi

Hamas rasmiysining bildirishicha, guruh G‘azo hududida Isroilning genotsid ko‘rinishidagi urushiga chek qo‘yish bo‘yicha AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan reja asosida — G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy qo‘mitaning tezroq hududga kirishini istaydi.

«Hamas – o‘z tajovuzi va qirg‘inbarot urushini davom ettirayotgan okkupatsiya uchun har qanday bahonalarni yo‘q qilish maqsadida endilikda G‘azo sektorini boshqarmaslik bo‘yicha yangi qadam tashladi», deya Hamas rasmiy vakili Hazim Qosimning so‘zlarini keltirmoqda AFP.

G‘azo shahridan xabar berayotgan Al Jazeera muxbiri Xani Mahmudning aytishicha, Hamasning ushbu bayonoti «siyosiy jihatdan katta ahamiyatga ega».

«Bu muzokaralarni olg‘a siljitish, texnokratik qo‘mitaning sektorga kelishi hamda u yerdagi hokimiyat vakuumidan so‘ng mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishiga yo‘l ochish uchun Hamas tomonidan qilingan yon bosishlarning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda», deydi u.

Shuningdek, Mahmud ushbu qadam – Hamasning G‘azodagi siyosiy yoki harbiy rolidan voz kechayotganini anglatmasligini, aksincha, «G‘azodagi bevosita fuqarolik hukumatidan chekinayotganini» ta’kidladi.

Milliy qo‘mita bayonoti

O‘tgan yilning oktabr oyida G‘azoda AQSh vositachiligida Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha «kelishuv» kuchga kirganidan beri, guruh kundalik boshqaruvdan chekinishga tayyorligini bir necha bor ta’kidlagan, biroq uni qurolsizlantirish masalasi hamon hal etilmagan.

Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan rejaga ko‘ra, Hamas nazoratni falastinlik texnokratlar guruhi — G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy qo‘mitaga topshirishi kerak.

Mazkur Milliy qo‘mita rahbari Ali Shaasning ma’lum qilishicha, 15 nafardan iborat qo‘mita «zarur resurslar va ish faoliyati uchun tegishli sharoitlar yaratilishi» bilan G‘azoda mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor.

2026-07-08 09.44.33
G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy qo‘mita a’zolari

«Komissiya muvaffaqiyatining asosiy shartlari — aniq huquqiy doiradagi yagona hokimiyat, yagona qonun hamda ushbu hokimiyatga bo‘ysunuvchi yagona qurol mavjudligidir», deb yozdi Shaas.

Sulhni nazorat qiluvchi Tinchlik kengashi ham Hamasning ushbu qadami qayd etilganini ma’lum qildi. Biroq kengash yakuniy baho — amaliy ishlarga asoslanishini qo‘shimcha qildi.

Mladenovning qayd etishicha, qolgan ijro qoidalari bo‘yicha kelishuvga erishilgach, Milliy qo‘mita o‘z vazifalarini bajarishga kirisha oladi.

Ammo, Isroilning qamal ostidagi anklavga kirishga e’tirozlari sababli Milliy qo‘mita bir necha oylardan beri G‘azodan tashqarida qolib kelmoqda.

Isroil Hamas bayonotini rad qildi

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar esa Hamasning bayonotini rad etdi. «Hamasning texnokratik hukumatga joy bo‘shatishga tayyorligi shunchaki guruhning o‘zini qurolsizlantirishdan qochishiga qaratilgan», deb yozdi Saar.

Uning aytishicha, «modomiki Hamas o‘z qurollarini saqlab qolar ekan, har qanday fuqarolik hukumati Hamasning aytgani bilan ish yuritadi.

Isroil Tramp rejasining to‘liq bajarilishini, jumladan, Hamasning qurollarini topshirishini talab qilmoqda.

Hamas esa Isroilni otashkesimni muntazam buzishda va o‘z qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqib ketish shartlarini bajarmaslikda aybladi. Shu bois Hamas Isroil G‘azodagi hujumlarini to‘xtatmaguncha qurolsizlanishdan bosh tortmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid