Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
JCh kundaligi. Messida rekord va antirekord, Shveytsariya kuchli sakkizlikda
Leo yana to‘purarlar poygasida ilgarilab ketdi va quvonchdan yig‘ladi, turnirda bittagina gol (Abbos Fayzullayevdan) o‘tkazgan Kolumbiya esa uyga qaytdi.
Jahon chempionatida 1/8 final bosqichi yakuniga yetdi. Argentina Misr bilan o‘yinda telbavor kambek amalga oshirdi (3:2), Shveytsariya esa Kolumbiya bilan o‘yinni penaltilar seriyasida hal qilib (0:0, 4:3) keyingi bosqichga yo‘l oldi. Endi ushbu g‘olib jamoalar chorakfinalda o‘zaro kuch sinashadi.
Maydondan tashqarida ham e’tiborga molik voqealar ro‘y bermoqda: Portugaliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines iste’foga chiqdi, Paragvayda Kilian Mbappeni tanqid qilishda davom etishmoqda, norvegiyalik futbolchilar esa shamollab qoldi.
Hollivudcha ssenariy
Argentina – Misr 3:2
Gollar: Yosir Ibrohim, 15 (0:1). Ziko, 67 (0:2). Romero, 79 (1:2). Messi, 83 (2:2). Fernandes, 90+2 (3:2)
Aniq ijro etilmagan penalti: Messi, 21’
Argentina: E. Martines, L. Martines, Romero (Otamendi, 90+5), Talyafiko (Gonsales, 66), Molina (Montiel, 73), Paredes, Makallister, Fernandes, de Paul (L. Martines, 66), Alvares (Medina, 90+5), Messi
Misr: Shubayr, Yosir Ibrohim, Robiya, Hafiz, Hani, Lashin (Sayid, 90+5), Ateya, Ashur (Fati, 46), Hassan (Trezege, 73), Saloh, Ziko (Marmush, 80)
Ogohlantirishlar: Shubayr, 90. Fati, 90. Ateya, 90
Argentinaliklar o‘tgan bosqichdayoq dramatik o‘yinlar o‘tkaza olishini isbotlagandi. Ammo 1/8 finalda Misrga qarshi o‘yinda jamoa darajani yana bir bosqichga ko‘tardi va jahon chempionatlari tarixidagi eng yorqin kambeklardan birini amalga oshirdi.
Uchrashuv «Albiseleste» uchun tezkor gol o‘tkazib yuborish bilan boshlandi, keyin esa Lionel Messi penaltini ura olmadi (va jahon chempionati davomida ikki bor penaltidan gol ura olmasdan, antirekord qayd etdi). Ikkinchi bo‘limda argentinaliklar Mustafo Zikodan ikkinchi golni ham o‘tkazib yuborishdi.
Ish sensatsiyaga qarab ketayotganida Lionel Skaloni shogirdlari maksimal hujumkor rejimni yoqishdi. 79-daqiqada Messi to‘pni jarima maydoniga kirib borgan himoyachi Kristian Romeroning boshiga yetkazib berdi va hisob qisqardi. Bir necha daqiqa o‘tib Leoning o‘zi misrlik himoyachilar xatosidan foydalanib, hisobni qisqartirdi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Enso Fernandes qarshi hujumni g‘alaba goli bilan yakunladi. Argentinaliklar kambek uchun 13 daqiqa sarflashdi – bu ham jahon chempionati tarixiga rekord sifatida kirdi.
Messining o‘zi gollari sonini sakkiztaga yetkzadi va turnir to‘purarlari ro‘yxatida birinchilikni o‘ziga qaytardi, Kilian Mbappe, Erling Holand (ikkisida ham 7 tadan) va Harri Keyn (6) uni ta’qib qilishda davom etadi. Buning o‘zi ham alohida poygaga aylandi: turnirda ilk bor birdaniga uch nafar futbolchida 7 va undan ortiq gol bor.
Messi shu kuni jahon chempionatidagi eng yaxshi to‘purar (21) sifatida ko‘rsatkichini yaxshilab oldi (eng yaqin ta’qibchisi Mbappeda 19), shuningdek, o‘z vatandoshi Maradonani ortda qoldirgan holda jahon chempionatidagi eng yaxshi assistentga (9) aylandi. Bundan tashqari, u jahon chempionatlarida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan (31) futbolchi, jahon chempionatlarida qatorasiga 9 o‘yinda gol urgan ilk futbolchi (hech kimda 7 ta gollik seriya ham yo‘q) va jahon chempionati pley-off bosqichlarida qatorasiga 6 o‘yinda gol urgan ilk futbolchi hisoblanadi.
Tabiiyki, o‘yin hakamlik mojarosisiz kechmadi. Fransiyalik bosh hakam Fransua Letekse hujum boshlanishidagi fol tufayli misrliklarning 60-daqiqadagi golini bekor qildi, 90+2-daqiqada esa argentinaliklar jarima maydoni ichidagi folni inobatga olmadi.

Natijada Afrika vakillari turnirni tark etishda FIFA va hakamlarni keskin ohangda tanqid qilishdi.
«Hakam bizni mag‘lub qilish uchun maydonga tushgandi. Biz Misr xalqini xursand qilishga umid qilgandik, ammo oxir-oqibat Argentinani jahon chempionatidagi g‘alabasi bilan tabriklaymiz. Bu soxta turnir va endi ular qolgan o‘yinlarni o‘ynashlari ham shart emas. Hakam butun bir millatning orzusini barbod qildi va u bizni nishonga oldi, chunki biz Argentinani mag‘lub etmasligimiz kerak edi. Endi xudo oldida javob bersin», – dedi Ziko.
Argentinada esa hakamlikka hech qanday e’tiroz yo‘q. Quvonch ko‘z yoshlarini to‘kkan Messi o‘z jamoadoshlari xarakter ko‘rsatganini e’tirof etdi.

«To‘g‘risini aytsam, biz yurishimizni davom ettirishimiz, buni qanday uddalaganimizni hisobga olsak, bu katta baxt. Hisob 0:2 bo‘lgach, vaziyat ancha murakkablashgandi. O‘yinni o‘zgartira olganimizdan aql bovar qilmas his-tuyg‘ularni his qilyapmiz. Bizga yana juda qiyin bo‘ldi, lekin bu jahon chempionati. Barcha o‘yinlar aynan shunday kechadi. Bu yerda barcha jamoalar teng. Men juda baxtiyorman», – deya tan oldi Messi jurnalistlar bilan muloqotda.
Kolumbiya uyga qaytdi

Shveytsariya – Kolumbiya 0:0
Penaltilar seriyasi: Kintero – (0:1). Jaka – (1:1). Sanches – (1:1)(to‘sin). Amduni – (2:1). Kampas – (2:2). Akanji – (2:2)(xato). Ernandes – (2:2)(darvozabon). Itten – (3:2). Dias – (3:3). Ruben Vargas – (4:3)
Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akanji, Rodriges (Muhaym, 71), Zakariyo (Vidmer, 87), Froyler, Jaka, Yashari (Sou, 46), Ndoy (Ruben Vargas, 90+2), Rider (Amduni, 103), Embolo (Itten, 87)
Kolumbiya: K. Vargas, Lukumi (Mina, 119), Sanches, Mohika, Munos, Puerta, Lerma (Rios, 82), Dias, Arias (Kintero, 66), Xames Rodriges (Kampas, 66), Suares (Ernandes, 82)
Ogohlantirishlar: Jaka, 51. Zakariyo, 59. Muhaym, 105 – Suares, 60. Sanches, 95
Argentina va Misr o‘rtasidagi adrenalinli o‘yindan keyin Shveytsariya va Kolumbiya o‘rtasidagi o‘yinni tomosha qilish muxlislar uchun azobga aylandi. Birinchi bo‘limda jamoalar deyarli hujum qilishmadi va shunchaki vaqt o‘ldirish bilan mashg‘ul bo‘lishdi.
Dastlabki 45 daqiqalikdagi asosiy haylayt esa tribunada o‘tirgan Yurgen Klopp kartoshka frisi tanovul qilayotgani ko‘rsatilgan kadr bo‘ldi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda maydondagi voqealardan faolroq muhokama qilindi.
Ikkinchi bo‘limda ham vaziyat deyarli o‘zgarmadi – jamoalar bir-birini deyarli bezovta qilishmadi. Faqat qo‘shimcha bo‘limlarda kolumbiyaliklar tashabbusni qo‘lga olishdi, ammo o‘z imkoniyatlaridan foydalana olishmadi va baribir hisob ochilmay qoldi.
Penaltilar seriyasida ham shveysarlar va kolumbiyaliklar amalda bir xil harakat qilishdi. Sanchesning to‘singa borgan zarbasiga yevropaliklar Akanjining xatosi bilan javob qaytardi. Ammo abadiy bunday davom etishi mumkin emasdi va Shveytsariya posboni Gregor Kobel Kucho Ernandesning zarbasini qaytardi, Kolumbiya posboni Kamilo Vargas seyv qila olmadi.
Natijada Shveytsariya 1954 yildan buyon ilk bor mundial chorakfinaliga chiqdi va yarimfinal uchun Argentinaga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi, turnir davomida atigi bitta gol o‘tkazgan (O‘zbekiston bilan o‘yinda Abbosbek Fayzullayevdan) kolumbiyaliklar esa uyga qaytadi.
Martines Portugaliyani tark etdi
Jahon chempionatida iste’folar paradi davom etmoqda. Turnir 1/8 finalida Ispaniyadan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin (0:1) Portugaliya bosh murabbiyi Roberto Martines ham jamoani tark etdi. U bunday bo‘lishini rejalashtirmagani, ammo endi boshqa yo‘l qolmaganini aytgan.
«Ushbu qaror jahon chempionatidan oldin qabul qilinganmidi? Yo‘q, u uzil-kesil tasdiqlangan deb o‘ylamayman. Men Portugaliyaga jahon chempionatida g‘alaba qozonish uchun kelgandim va o‘ylaymanki, g‘alabasiz davom ettirishning ma’nosi yo‘q. Endi direktorlar kengashi va prezident yangi murabbiyni tanlash imkoniyatiga ega. Prezident har doim meni qo‘llab-quvvatlagan, lekin shartnomam bugun tugaydi. Boshqa aytadigan gapim yo‘q», – deydi Martines.
Ispaniyalik ushbu mutaxassis Portugaliyani 2023 yilda qabul qilib olgandi, ammo jamoa bilan hech qanday sovrin yuta olmadi.
Bu jahon chempionatida qatnashgan jamoalarda sakkizinchi iste’fo bo‘ldi: Tunis guruh bosqichining birinchi turidan keyinoq Sabri Lyamushiga javob bergandi. Guruh bosqichi yakunlanganidan keyin Hen Men Bo (Janubiy Koreya), Stiv Klark (Shotlandiya) va Miroslav Koubek (Chexiya) iste’foga chiqdi. Pley-offdagi natijalardan keyin Ronald Kuman (Niderlandiya), Sebastyan Bekkasese (Ekvador) va Yulian Nagelsmann (Germaniya) ham lavozimini tark etgandi.
Mbappening senator bilan aytishuvi davom etmoqda
Selesta Amarilya Kilian Mbappega hamla qilishda davom etmoqda. Paragvaylik ushbu senator ayol o‘z mamlakati milliy jamoasi «Uchranglilar»ga yutqazib, turnirni tark etganidan keyin futbolchini «kalondimog‘ va badbashara», shuningdek «o‘zini fransuz qilib ko‘rsatadigan kamerunlik» deb atagandi. Uning postida irqchilik ruhidagi boshqa keskin so‘zlar ham bor edi. Bunga javoban Mbappe uni «jirkanch ayol» deb atadi va bu Amarilyaning navbatdagi zaharli so‘zlariga sabab bo‘ldi.
«Sening takabburliging va nafrating o‘yindan oldin ushbu so‘zlarni aytganingdayoq meni g‘azablantirgandi: «Agar qo‘limizni axlatga tiqishga to‘g‘ri kelsa, tiqamiz». Biz ahmoq emasmiz. Biz sen «axlat» deganda Paragvay milliy jamoasi va umuman barcha paragvayliklarni nazarda tutganing aniq. Keyin esa sen ular «makiyajini olib tashlashdi» deding. Buni ham tushundik, siz – makiyajli elegantlar, biz esa – makiyaj nimaligini ham bilmaydigan qashshoq, qo‘pol odamlarmiz. Butun Paragvay, jumladan, men ham buni shunday qabul qildik. Biz bu so‘zlarni ichimizga yutdik.
Endi men sen o‘z so‘zlaringni qaytarib olishing va mendan uzr so‘rashingni talab qilaman. Men ham sening zo‘ravonligingga toqat qilmoqchi emasman. Sen meni tanimaysan, mening kimligimni bilmaysan va meni o‘z lavozimiga noloyiq jirkanch ayol deb aytishga haqqing yo‘q... So‘zlaringni qaytarib ol, fransuz fuqaroliginga hurmat ko‘rsat va uzr so‘ra. Aks holda, men gender zo‘ravonligi bo‘yicha sud jarayonini boshlashim mumkin», – deya yozgan senator ijtimoiy tarmoqda.
Amarilyaning so‘zlari diplomatik mojaroga sabab bo‘lishiga bir baxya qoldi – Fransiya hukumati ushbu siyosatchini irqchilik uchun qoraladi, mahalliy futbol federatsiyasi esa prokuraturaga murojaat qilmoqchi. Hozircha oqibatlar kuzatilmadi – Paragvay hukumati ham senatorni qoraladi.
Vikinglar shamollab qoldi
Viking bo‘lish degani doim ham sog‘ bo‘lish degani emas. Norvegiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Stole Solbakken bir necha futbolchisi shamollagani haqida xabar berdi.
«Bizda faqat Yyergen Larsenning tana harorati ko‘tarilgan, lekin boshqalarda ham yo‘tal va xirillash bor. Barchasiga konditsionerlar, parvozlar, kiyim almashtirish xonasidagi holatlar sabab. Bizda 50 dan ortiq odam bor, bunday holatda kimdir shamollab qolmasligi imkonsiz edi», – degan Solbakken.
Endi murabbiylar shtabi asosiy futbolchilarning sog‘ligi haqida qayg‘urishi kerak – 12 iyul kuni jamoani chorakfinalda Angliyaga qarshi o‘yin kutmoqda.
Mavzuga oid
08:49
Argentinada afsonaviy 13 daqiqa. Amaldagi chempionlar kambek qilishdi
17:30 / 07.07.2026
JCh anonsi. Poygadagi Messi va Shveytsariyaga qarshi Kolumbiya
10:56 / 07.07.2026
JCh kundaligi. Ronaldu yana yig‘ladi, AQSh 4 ta gol o‘tkazdi
20:56 / 06.07.2026