Jahon | 10:10
1472
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyev va Xarkiv yana hujum ostida: jabrlanganlar bor

Rossiya qo‘shinlari 8 iyulga o‘tar kechasi Ukraina hududiga raketa va dronlar yordamida navbatdagi qo‘shma hujumni amalga oshirdi. Kiyev va Xarkivda portlashlar yuz berib, yong‘inlar kelib chiqqan, bir necha kishi jarohat olgan. Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ballistik raketalar uchirilganini ma’lum qildi.

Foto: Danylo Antoniuk/AP Photo/picture alliance

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari tun davomida Ukraina poytaxti Kiyev hamda Xarkiv shahriga raketa va zarbali dronlar bilan hujum qilgan.

Kiyev shahri meri Vitaliy Klichkoning bildirishicha, hujum oqibatida kamida ikki kishi jabrlangan. Ulardan biri shifoxonaga yotqizilgan.

Shu bilan birga, Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko poytaxt atrofida dushmanning hujumkor uchuvchisiz apparatlari harakatlanayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharga havodan xavf saqlanib qolmoqda.

Avvalroq Klichko Desnyansk tumanida raketa zarbasi oqibatida omborxonalarda yong‘in chiqqanini, Svyatoshin tumanida esa noturar binoda yong‘in sodir bo‘lganini bildirgan. Shu munosabat bilan Kiyev bo‘ylab havo hujumi xavfi e’lon qilindi.

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ham Rossiya tomonidan mamlakat poytaxti tomon shimoliy yo‘nalishdan bir nechta ballistik raketa uchirilganini tasdiqladi.

Xarkiv shahrida ham hujumlar oqibatida jiddiy vayronalar qayd etildi. Shahar meri Igor Terexovning ma’lum qilishicha, kamida 20 dan ortiq xususiy uy, ibodatxona oynalari, ko‘cha yoritish tarmoqlari va beshta avtomobil shikastlangan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Xarkivda ham ikki kishi jarohat olgan. Avvalroq shaharning Nemishlyansk tumaniga raketa kelib tushgani xabar qilingan edi.

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Kiyev, Xarkiv hamda mamlakatning markaziy va sharqiy hududlariga qarshi tungi havo hujumlari bir necha soat davom etgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid