Jahon | 17:53
1882
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda qo‘shni davlatlardan transport vositalari kirishi cheklandi

Chora-tadbirlar yoqilg‘i-moylash materiallarini chegaradan noqonuniy olib o‘tishning oldini olishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.

Foto: exk.kz

Qozog‘istonda yoqilg‘i-moylash materiallarini chegaradan noqonuniy olib o‘tishning oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda hukumatdagi brifingda energetika vaziri o‘rinbosari Qayirxon Tutqishbayev ma’lum qildi, deb xabar berdi Tengrinews.

Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi choralardan biri chegaradosh davlatlardan transport vositalarining kirishini cheklash bo‘ldi.

«Hozir chegaradosh davlatlardan yuk va yengil transport vositalari Qozog‘iston hududiga kuniga bir martadan ortiq kirishi mumkin emas», dedi Qayirxon Tutqishbayev.

«Noqonuniy yoqilg‘i eksporti»ga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratilmoqda, deb davom etdi u.

«Asosiy ishlar hozir yoqilg‘ini noqonuniy olib chiqish uchun ishlatiladigan qo‘shimcha yonilg‘i baklari bo‘lgan avtomobillarni aniqlash bo‘yicha olib borilmoqda. Bu ish bilan IIV, Moliyaviy monitoring agentligi, Chegara xizmati va bojxona organlari birgalikda shug‘ullanmoqda», dedi vazir o‘rinbosari.

Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, chegara hududlarida yoqilg‘ini noqonuniy olib chiqishga urinayotgan tartibbuzarlar muntazam ravishda aniqlanyapti.

«Bugungi kunda Qozog‘istondan yoqilg‘i-moylash materiallarining «kulrang» eksportini oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda», deb xulosa qildi Tutqishbayev.

Qozog‘istonda ayrim turdagi neft mahsulotlari va yengil distillyatlarni temir yo‘l transportida olib chiqish taqiqlangan. Iyun oyi oxirida respublika bosh vaziri O‘ljas Bektenov chegaralarda nazoratni kuchaytirish va yoqilg‘i tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shu bilan birga, Qozog‘iston Energetika vazirligi uni Rossiyaga yetkazishga ruxsat berdi.

Rossiyada yoqilg‘i tanqisligi muammosi may oyi oxirida paydo bo‘ldi. Benzin savdosiga cheklovlar allaqachon 30 dan ortiq hududda joriy etilgan. Kreml Rossiya yoqilg‘i importi bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini aytgan, ammo qaysi davlatlardan ekani aniqlanmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid