Jahon | 09:31
1218
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilik yana kuchaydi

AQSh Qurolli kuchlari Erondagi harbiy nishonlarga qarshi yangi zarbalarni amalga oshirdi. Vashington bu operatsiya Ho‘rmuz bo‘g‘ozida xalqaro kemalar harakati xavfsizligini ta’minlash va Tehronning dengiz qatnoviga to‘sqinlik qilish imkoniyatlarini cheklashga qaratilganini bildirdi.

Foto: Foto: TASS/dpa/Friso Gensch
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qilishicha, yangi hujumlar to‘g‘risidagi buyruqni shaxsan prezident Donald Tramp bergan. Harbiylar operatsiyaning aniq nishonlari haqida ma’lumot bermagan, ammo uning maqsadi Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi harbiy imkoniyatlarini zaiflashtirish ekanini ta’kidlagan.

Bundan bir kun avval CENTCOM Eron hududidagi 80 dan ortiq obektga zarba berilganini ma’lum qilgan edi. AQSh ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar Eronning havo mudofaasi tizimlari, qo‘mondonlik va aloqa tarmoqlari, qirg‘oqdagi radiolokatsiya stansiyalari, kemalarga qarshi raketa majmualari hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ga tegishli 60 dan ortiq tezyurar qayiqni nishonga olgan.

Vashington bu harakatlarni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida savdo kemalariga qilingan hujumlarga javob sifatida izohlamoqda.

AQSh Eron neftiga qarshi sanksiyalarni qayta tikladi

Yangi harbiy amaliyotlar boshlanishidan oldin AQSh ma’muriyati ikki hafta avval bekor qilingan Eron neftiga oid sanksiyalarni yana kuchga kiritdi. Bu qaror Vashingtonning Tehronga nisbatan bosimni yanada kuchaytirish siyosati davom etayotganini ko‘rsatadi.

Eron AQShni kelishuvni buzishda aybladi

Amerika zarbalaridan keyin Eron Tashqi ishlar vazirligi AQShni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida erkin kema qatnovini ta’minlash bo‘yicha memorandum shartlarini buzganlikda aybladi.

Vazirlik rasmiy vakili Ismoil Bag‘oiy Vashington bir tomonlama harbiy harakatlari bilan kelishuvni amalda bekor qilganini bildirib, Eron o‘z suvereniteti va milliy manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rishini ma’lum qildi.

Eron davlat ommaviy axborot vositalari mamlakat rahbariyati AQShning birinchi hujumlariga javob choralarini boshlaganini xabar qildi. Kuvayt va Bahrayn hukumatlari o‘z hududiga tomon Eron tomonidan raketa zarbalari berilganini ma’lum qildi.

Bu hujumlar uchun javobgarlikni Islom inqilobi muhofizlari korpusi o‘z zimmasiga oldi. IIMK bayonotiga ko‘ra, zarbalar AQShning Kuvayt va Bahrayndagi harbiy obektlariga qarshi amalga oshirilgan.

Tramp: Eron bilan ishlashni istamayman

NATO sammiti doirasida jurnalistlar savollariga javob bergan Donald Tramp Eron bilan tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi amalda tugaganini aytdi.

«Men endi ular bilan hech qanday ish qilishni istamayman», — dedi AQSh prezidenti.

U Eron rasmiylarini haqoratli so‘zlar bilan tanqid qilib, ular bilan muloqotni vaqtni behuda sarflash deb baholadi. Shu bilan birga, agar AQSh muzokarachilari zarur deb hisoblasa, ularga Tehron bilan muloqotni davom ettirishga to‘sqinlik qilmasligini bildirdi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi xavf saqlanib qolmoqda

AQShning avvalgi ommaviy hujumlari Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida uchta neft tankeriga qilingan hujumlarga javob sifatida amalga oshirilgan edi.

Buyuk Britaniya Harbiy-dengiz kuchlari huzuridagi Dengiz savdosini muvofiqlashtirish markazi (UKMTO) ma’lumotiga ko‘ra, tankerlardan biri dron zarbasiga uchragan, yana biriga esa noma’lum snaryad tekkan. Uchinchi kema haqida hozircha batafsil ma’lumot berilmagan.

Ayni paytda Tehron G‘arb davlatlariga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq minasizlantirishga ruxsat bermagan. Shu sababli kemalar faqat ikki tor yo‘lak orqali harakatlanmoqda. Xalqaro ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Ho‘rmuz orqali amalga oshirilayotgan yuk tashish hajmi AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyotlari boshlanishidan oldingi ko‘rsatkichning yarmidan ham kamni tashkil etmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid