Jahon | 08:58
1478
4 daqiqa o‘qiladi

Qrimda AI-95 benzini narxi 92 foizga oshdi

Rossiya Federal davlat statistika xizmati (Rosstat) ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyining birinchi haftasida qo‘shib olingan Qrimda benzin narxi o‘rtacha 78,4 foizga oshgan. Eng ommabop AI-95 markali benzinning bir litri narxi esa bir hafta ichida qariyb ikki baravar qimmatlab, 170,59 rublga yetgan.

Foto: Tengrinews

Rosstatning 8 iyul kuni e’lon qilingan haftalik hisobotida Rossiya hududlari, shuningdek, Moskva tomonidan qo‘shib olingan Qrim va bosib olingan Ukraina hududlaridagi yonilg‘i narxlari tahlil qilingan.

Hisobotga ko‘ra, Qrimda AI-95 benzinining bir litri 88,82 rubldan 170,59 rublgacha ko‘tarilgan. Bu bir hafta ichida 92 foizlik o‘sishni anglatadi. O‘rtacha hisobda esa barcha turdagi benzin narxi 78,4 foizga oshgan.

Rosstat bu safar qaysi hududlarda narxlar eng ko‘p oshganini alohida ko‘rsatmagan. Biroq The Bell nashri hisobotni tahlil qilib, eng katta o‘sish aynan Qrimda qayd etilganini ma’lum qildi. «Mediazona» ham ushbu ma’lumotni tasdiqlagan. Avvalgi hisobotda esa narxlar eng ko‘p oshgan hudud sifatida qo‘shib olingan Sevastopol qayd etilgan.

Boshqa hududlarda ham narxlar o‘smoqda

Rossiyaning qator hududlarida ham benzin narxi yuqori darajada saqlanmoqda. Xususan, Tuva Respublikasida benzinning barcha turlari bir litri uchun 100 rubldan yuqori narxda sotilmoqda.

AI-95 benzinining o‘rtacha narxi Qalmiqiston, Dog‘iston, Kabardino-Balqariya, Checheniston va Kamchatkada 90 rubldan oshgan. AI-92 benzini esa Magadan viloyati, Kamchatka, Yakutiya, Tyumen viloyati, Checheniston, Qalmiqiston hamda yana bir qator hududlarda 80 rubldan qimmat.

30 iyundan 6 iyulgacha bo‘lgan davrda Rosstat hisobotidagi hududlarda benzin o‘rtacha 2,1 foizga, dizel yonilg‘isi esa 3,4 foizga qimmatlagan. Qrimdan keyin eng yuqori o‘sish Ivanovo viloyatida qayd etilgan bo‘lib, u yerda yonilg‘i narxi 19 foizga oshgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Rossiyada benzin va dizel narxlari ketma-ket besh haftadan buyon o‘sishda davom etmoqda.

Rossiya dizel eksportini chekladi

Yonilg‘i tanqisligi ortidan Rossiya hukumati 8 iyuldan 31 iyulga qadar dizel yonilg‘isi eksportini taqiqladi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novakning ma’lum qilishicha, cheklov ichki bozorda yonilg‘i ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida joriy etilgan. Avval amalda bo‘lgan cheklovlar neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga tatbiq etilmagan bo‘lsa, yangi qarorga ko‘ra ular ham dizel, kemalar uchun yonilg‘i va gazoyl eksport qila olmaydi.

Yonilg‘i inqirozi o‘nlab hududlarga yoyildi

May oyi oxiridan beri Rossiyada benzin va dizel tanqisligi kuchaygan. Bu holat Ukraina tomonidan neftni qayta ishlash zavodlari hamda yonilg‘i-energetika infratuzilmasiga qilingan hujumlar ortidan yuzaga kelgani aytilmoqda.

Natijada mamlakatning qariyb 60 ta hududida yonilg‘i sotilishiga turli cheklovlar joriy etilgan. Ayrim joylarda haydovchilar soatlab yonilg‘i quyish shoxobchalarida navbat kutmoqda, ba’zi AYoQSh esa vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan.

Inqiroz fonida Rossiya hukumati 2026 yil oxirigacha ekologik talablari past bo‘lgan «Yevro-3» standartidagi yonilg‘idan foydalanishga ruxsat berdi. Shuningdek, mamlakat yonilg‘i yetishmovchiligini qoplash uchun xorijdan ham neft mahsulotlari xaridini oshirmoqda.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Hindiston Rossiyaga dengiz orqali kamida 60 ming tonna benzin jo‘natgan. Shuningdek, Qozog‘iston bilan ham muzokaralar davom etmoqda, Rossiya esa yapon aviatsiya yonilg‘isini ham treyderlar orqali sotib olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid