Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
1 avgustdan mehnat nizolari bo‘yicha alohida sudyalar ish boshlaydi
O‘zbekistonda 2026 yil 1 avgustdan boshlab mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Yangi tartib mehnatga oid ishlarni tezkor va sifatli ko‘rib chiqish, sud amaliyotini bir xillashtirishga qaratilgan.
Oliy sud rayosati «Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish haqida» qaror qabul qildi.
Qarorga muvofiq, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning mavjud shtat birliklari doirasida 2026 yil 1 avgustdan mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar faoliyat yuritadi.
Yangi tartibga ko‘ra, Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida mehnat nizolari bo‘yicha 4 nafar sudya faoliyat ko‘rsatadi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlarida 3 nafardan ixtisoslashgan sudya ishlaydi.
Tumanlararo va shahar sudlarida ham mehnat nizolarini ko‘rish uchun alohida sudyalar ajratiladi. Jumladan, Nukus, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Karmana, Namangan, Termiz, Farg‘ona va Urganch tumanlararo sudlarida 2 nafardan, Samarqand shahar sudida 2 nafar, Kattaqo‘rg‘on, O‘rta Chirchiq va Yangiyo‘l tumanlararo sudlarida 1 nafardan, shuningdek, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Shayxontohur, Uchtepa va Yakkasaroy tumanlararo sudlarida 2 nafardan sudya mehnat nizolariga ixtisoslashtiriladi.
Qarorga asosan, 2026 yil 1 avgustdan keyin sudlarga kelib tushgan mehnat nizolariga oid barcha arizalar aynan ixtisoslashgan sudyalar o‘rtasida taqsimlanadi.
Ayni paytda, 2026 yil 31 iyulgacha sudlarga kelib tushgan, shu jumladan ish yurituviga qabul qilingan ishlar avvalgi tartib asosida ko‘rib chiqilib, yakunlanadi.
Mavzuga oid
11:46 / 14.04.2026
Sirdaryo viloyati sudyasi 3600 dollar pora bilan ushlandi
18:18 / 05.03.2026
Samarqandda sudya 300 dollar olayotganda ushlandi
14:56 / 15.01.2026
Tuman (shahar) va viloyat sudlariga rais lavozimi kerakmi?
19:07 / 13.01.2026