Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Lvivda olomon harbiy komissariat avtomobilini ag‘darib tashladi
To‘qnashuv ishtirokchilaridan biri hibsga olingan. Qolganlari harbiy komissariatni olqishlashga majburlangan.
Ukrainaning Lviv shahrida hududiy to‘ldirish markazi (TsK, Ukrainadagi harbiy komissariat) xodimlari bilan to‘qnashuv ishtirokchilari kamera qarshisida harbiylardan uzr so‘rashga majbur qilindi. Ushbu video Ukraina qurolli kuchlari faxriysi Anton Petrovskiy hamda 3-armiya korpusi komandiri o‘rinbosari Dmitriy Kuxarchuk tomonidan e’lon qilingan. Ular tartibsizlik ishtirokchilari bilan «tarbiyaviy suhbat» o‘tkazilganini bildirishgan.
Roliklardan birida Lvivda yashovchilarning bir guruhi (ular orasida o‘smirlar ham bor) «TsKga shon-sharaflar!» deya hayqirayotganini ko‘rish mumkin. Keyin videodagilardan ikki kishi o‘z harakatlari uchun uzr so‘ragan. Ulardan biri Ukraina qurolli kuchlari safida xizmatga borishni va’da qiladi. Boshqasi ta’tildagi harbiy ekanini, tez orada frontga qaytishini aytadi.
Shahar aholisi vakillari va harbiylar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 8 iyul kuni kechqurun Sixovda ro‘y bergan. Safarbarlik tadbiri chog‘ida olomon hududiy to‘ldirish markazi avtomobiliga shikast yetkazgan va uni ag‘darib tashlagan. Lvivdagi nashrlarda yozilishicha, yo‘ldan o‘tib ketayotgan odamlar TsK guruhini payqab qolishgan va harbiylarning ishiga aralasha boshlagan. Dahanaki janjal o‘zaro to‘qnashuvga aylanib ketgan. Ijtimoiy tarmoqlarda olomon harbiylarning shikast yetkazilgan avtomobilini o‘rab olgani va «Sharmandalik!» hayqiriqlari ostida uni ag‘darishga urinayotgani aks etgan video tarqalgan.
Lviv oblasti hududiy to‘ldirish markazi versiyasiga ko‘ra, mojaro ushbu shaharda yashovchi, harbiy ro‘yxatdan o‘tish qoidalarini buzgani uchun 12 iyundan buyon qidiruvda bo‘lgan shaxs (1996 yilda tug‘ilgan)ning hujjatlarini tekshirish asnosida boshlangan. Harbiylar uni ushbab, TsK binosiga olib kelishgan. Olomon esa markazning yana bir necha xodimi yo‘lini to‘sib, ularning xizmat mashinasini o‘rab olgan. Qayd etilishicha, Lviv aholisi vakillari o‘zini tajovuzkor tutib, sezilarli zarar yetkazgan va yakunda xizmat avtomobilini ag‘darib yuborgan».

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvlarda jami 200 ga yaqin kishi ishtirok etgan. To‘qnashuvlar oqibatida ikki harbiy jarohatlangan. Ukraina qurolli kuchlari faoliyatiga to‘sqinlik qilish va huquq-tartibot idoralari xodimiga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tartibsizlik ishtirokchilaridan biri hibsga olingan. Bu 23 yoshli Oleg Gavrilov bo‘lib, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u politsiyachilardan biriga gaz ballonchasini purkagan, boshqa bir politsiyachini urgan. Sudda Gavrilov 53-alohida mexanizatsiyalashgan brigadada oddiy askar sifatida xizmat qilgani, shu yil fevralida harbiy qismni o‘zboshimchalik bilan tark etganini aytib bergan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, hibsga olish chog‘ida uni kaltaklashgan.
Hududiy to‘ldirish markazi ham xizmat tekshiruvi boshlanganini ma’lum qildi. Uning natijalariga ko‘ra, mojaroning barcha ishtirokchilari, jumladan, voqea joyida bo‘lgan harbiylar va politsiyachilarning harakatlari baholanishi kerak. Lvivdagi «Zaxіd» nashri xabar berishicha, voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar mojaroni chetda kuzatib turgan va harbiylar avtomobili ag‘darib tashlanishiga to‘sqinlik qilmagan. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda harbiylardan biri fuqaroni urgani aks etgan video tarqaldi. TsKdagilar esa video kontekstdan yulib olingan va bu o‘zini himoya qilish bo‘lishi mumkinligini ta’kidagan. «Strana» nashri esa aynan shundan keyin tartibsizlik boshlangani haqida yozgan.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Kirill Budanov birinchilardan bo‘lib ushbu voqea yuzasidan munosabat bildirdi. «Agar siz bugun o‘z armiyangiz harbiy xizmatchisining kiyimlarini yirtib, kaltaklayotgan bo‘lsangiz, ertaga sizni xuddi shunday kaltaklaydigan va kiyimlaringizni yirtib tashlaydigan dushman armiyasidan kim himoya qilishini o‘ylab ko‘ring», – dedi u va huquq-tartibot organlarining «adolatli reaksiyasi»ni kutayotganini ta’kidladi.
Ukraina mudofaa vazirligi ham «harbiy xizmatchilarga qilingan hujum»ni qoralab, bu vaziyatdan faqat Rossiya foyda ko‘rganini ta’kidladi (Lvivda olingan videolar, jumladan, uzr so‘ratish holati aks etgan kadrlar Rossiyadagi nashrlarda keng tarqaldi). Vazirlik safarbarlik – «Ukrainani himoya qilishning zarur tarkibiy qismi» ekanini qo‘shimcha qilgan, biroq uning usullari «takomillashtirishni talab qilishi»ni tan olgan.
Lvivdagi voqeadan keyin Oliy Radaning inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets ham Ukrainaga safarbarlik islohoti kerakligini aytib chiqdi. U davlat manfaatlarini ham, inson huquqlarini ham birdek himoya qiladigan «shaffof, tushunarli va adolatli qoidalar» yaratish lozimligini ta’kidlagan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Lvivdagi tartibsizliklarga bir kun o‘tib munosabat bildirdi. «Bu juda yomon holat, harbiy kiyimdagi odamlarga nisbatan juda yomon munosabat. Bunday bo‘lmasligi kerak», – dedi u va tegishli idoralar vaziyat bilan shug‘ullanayotganini qo‘shimcha qildi.
Ukraina aholisi anchadan beri uzoq cho‘zilgan harbiy harakatlar va mamlakatda davom etayotgan safarbarlik fonida TsK xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari va chaqiruv yoshidagi erkaklarni ko‘chalarda noqonuniy tarzda hibsga olib, mikroavtobuslarga majburan o‘tqazishidan shikoyat qilib keladi. Ukraina ombudsmani ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda hududiy to‘ldirish markazlari xodimlarining xatti-harakatlari ustidan 6 mingdan ortiq shikoyat kelib tushgan.