Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Madaniyat vazirining barcha o‘rinbosarlari almashdi
Vazirning to‘rt o‘rinbosari «boshqa ishga o‘tishi» munosabati bilan lavozimdan ozod etilgan va unga to‘rt nafar yangi o‘rinbosar tayinlangan. Xususan, Bolalar kontentini rivojlantirish markazi direktori Jahongir Ahmedov vazirning birinchi o‘rinbosari – Kinematografiya agentligi direktori, «O‘zbekkonsert» rahbari Odiljon Abduqahhorov vazir o‘rinbosari bo‘ldi.
O‘zbekiston prezidentining tegishli qarorlari bilan Bahodir Ahmedov, Avazxon Tojixonov, Murodjon Majidov va Yusufjon Usmonov madaniyat vazirining o‘rinbosari (dastlabki ikkisi birinchi o‘rinbosar) lavozimidan ozod etildi.
Nodirbek Baxtiyorovich Sayfullayev madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
U sobiq madaniyat vaziri, marhum Baxtiyor Sayfullayevning o‘g‘li bo‘lib, turli yillarda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori (2019-2022), prezident administratsiyasi madaniyat va san’atni rivojlantirish shu’basi mudiri (2022-2024) lavozimlarida ishlagan, 2024 yil mayidan buyon O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori lavozimida ishlayotgandi.
Jahongir Odilxo‘jayevich Ahmedov madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari – vazirlik huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.
Taniqli rejissyor Jahongir Ahmedov 2023 yil dekabrida prezident administratsiyasida ish boshlab, ijodiy tashkilotlar va kinematografiya sohasini rivojlantirish shu’basi yetakchi inspektori lavozimiga tayinlangandi. 2025 yil mayidan buyon Bolalar kontentini rivojlantirish markazida direktor sifatida ishlayotgandi.
U vazir o‘rinbosari bo‘lish bilan birga 2024 yil yozidan buyon Kinematografiya agentligiga rahbarlik qilib kelgan Shuhrat Rizayevni ham almashtirdi.
Odiljon Abdug‘aniyevich Abduqahorov madaniyat vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Odiljon Abduqahhorov 2017–2020 yillarda «O‘zbekkonsert»ga rahbarlik qilgan, keyinroq madaniyat vazirligi huzuridagi xalqaro festivallar direksiyasi rahbari bo‘lib ishlagan, 2025 yil martida «O‘zbekkonsert» rahbarligiga qaytgandi.
Shuningdek, Sanjar Baxtiyorovich Bobojonov madaniyat vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
U muqaddam madaniyat vazirligi tahliliy nazorat boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan, keyinroq prezident administratsiyasida madaniyat va san’atni rivojlantirish shu’basi mas’ul xodimi, prezidentning madaniyat bo‘yicha vakili bo‘linmasining bosh inspektori lavozimlarida ishlagan.