Ta’lim | 18:46
655
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda xalqaro universitetlar shaharchasi tashkil etilishi mumkin

Prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishda Universitetlar shaharchasiga nufuzli xorijiy oliygohlar filiallarini jalb qilish, kampuslar va talabalar turar joylarini barpo etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda yetakchi xorijiy oliygohlar joylashadigan Toshkent xalqaro universitetlar shaharchasini tashkil etish taklifi muhokama qilindi. Bunda Qatardagi “Education City”, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay xalqaro akademik shahri va Koreya Respublikasidagi Inchxon global kampusi tajribasidan foydalanish taklif qilindi.

Universitetlar shaharchasida nufuzli xorijiy oliygohlar filiallarini jalb qilish, kampuslar va talabalar turar joylarini barpo etish, litsenziya talablarini soddalashtirish, grant va stipendiyalar ajratish, bojxona va soliq imtiyozlarini qo‘llash, shuningdek, royalti to‘lovlarining bir qismini qoplab berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi. Asosiy maqsad O‘zbekistonni xalqaro ta’lim dasturlari va standartlari keng joriy etilgan, mintaqadagi yetakchi ta’lim markaziga aylantirish ekani ta’kidlandi.

Prezident takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid