Jahon | 12:28
1781
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Ukrainaga Patriot uchun raketalar litsenziyasini va’da qildi

Bu Kiyev uchun siyosiy muvaffaqiyat – ammo amalda ularni ruxsatnoma asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga bir necha yil ketadi.

Foto: Efrem Lukatsky / AP / Scanpix / LETA

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy NATOning Anqaradagi sammiti doirasida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi.

Kiyevdagilar Tramp va Zelenskiyning uchrashuvini ijobiy tavsiflagan. Prezident ofisi rahbari o‘rinbosari Sergey Kislitsa «bu agar eng yaxshisi bo‘lmasa, eng yaxshi uchrashuvlardan biri» bo‘lganini aytgan. Tramp uchrashuvdan keyin Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilishga va’da bergandi, biroq bunday qilmadi.

Uchrashuvning asosiy natijasi Trampning Ukrainaga Patriot tizimlari uchun raketalar ishlab chiqarishga litsenziya berilishi haqidagi bayonoti bo‘ldi. Bu Ukrainadagi havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun o‘ta muhim raketalar bo‘lib, Kiyevdagilar doimiy ravishda ularning yetishmovchiligidan shikoyat qilib keladi.

Eronda urush boshlangach, bu boradagi vaziyat yanada yomonlashgan – AQSh va uning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari bir necha hafta ichida Patriot tizimining yuzlab raketalarini sarflab yuborgan, natijada amerikaliklarning o‘z zaxiralari bo‘shab qolgan va Ukrainaga bunday raketalarni yetkazib berish imkoniyati qisqargandi.

The Wall Street Journal nashri qayd etishicha, Lockheed Martin kompaniyasi o‘tgan yili Patriot tizimi uchun jami 600 ta raketa ishlab chiqargandi. Bu vaqtda, Ukraina razvedkasi baholashicha, Rossiya hozirda «Iskander» ballistik raketalaridan oyiga 60-65 tasini ishlab chiqarmoqda.

Trampning Ukrainaga o‘z raketalarini ishlab chiqarish uchun litsenziya berish haqidagi bayonoti ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi, deb yozadi The New York Times. AQSh prezidentining o‘zi Oq uy hozircha Amerikaning Patriot raketalarini ishlab chiqaruvchi birorta kompaniyasini bu haqda xabardor qilmaganini tan olgan. Lisenziyalar berish uchun mas’ul bo‘lgan Davlat departamenti mulozimlari ham Tramp bunday va’da bermoqchi bo‘lganidan oldindan xabardor bo‘lgani aniq emas.

Nima bo‘lganda ham, NYT qayd etganidek, ruxsatnoma berishning o‘zi hali birinchi qadam bo‘lib, undan keyin «eng murakkab qismi boshlanadi». Patriot tizimi uchun raketalar subpudratchilar tomonidan ishlab chiqariladigan ko‘plab komponentlardan iborat bo‘lib, ularni Ukrainada yig‘ishni tashkil etish uchun ta’minot zanjirlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish talab etiladi.

Ushbu komponentlarning ko‘pchiligini ishlab chiqarish jarayoni juda murakkab bo‘lib, bular – dvigatellar uchun yoqilg‘i aralashmalari, purkagichlar (suyuqlik oqimini tezlashtirish uchun mo‘ljallangan maxsus quvur) va yondirgichlar, shuningdek, raketani nishonga yo‘naltiruvchi tizimlardir. AQShdagi ko‘plab yirik mudofaa pudratchilari raketa komponentlarini ishlab chiqarish uchun bir xil subpudratchilarga tayanadi va Ukrainada Patriot ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi tanqis qismlar uchun raqobatga olib kelishi mumkin.

NYT bilan suhbatlashgan ekspertlar fikricha, ruxsat olishdan seriyali ishlab chiqarishga o‘tishgacha bo‘lgan jarayon bir necha yil davom etishi mumkin. Trampning oxirgi bayonotiga, qo‘shimcha harbiy yordamni tezda olish kafolati emas, balki AQShning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi haqidagi siyosiy signal sifatida qarash kerak.

AQSh hozirgacha Patriot raketalarini ishlab chiqarish uchun rasmiy litsenziyani faqat Germaniya va Yaponiyaga taqdim etgandi. Berlinga bunday ruxsatnoma 2024 yilda berilgan – lekin hozirgacha bunday raketalardan birortasi nemis harbiylari ixtiyoriga yetib kelmagan. Dastlabki partiya faqat 2027 yilga borib yetkazib berilishi kutilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid