Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston» temiryo‘li qurilishi faol bosqichga o‘tdi
Ayni paytda Qirg‘iziston hududida tunnellar, ko‘priklar va boshqa infratuzilma obektlari qurilmoqda.
«Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston» temiryo‘lini qurish loyihasi faol bosqichga o‘tdi. Bu haqda Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligiga tayanib 24.kg xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligida Xitoy Davlat temiryo‘l korporatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar loyihani amalga oshirishning borishi va temiryo‘l qurilishining keyingi bosqichlarini muhokama qildi. Uchrashuvda transport va kommunikatsiyalar vazirining o‘rinbosari Almaz Turgunbayev va Xitoy Davlat temiryo‘l korporatsiyasi boshqaruvi a’zosi Van Szinsi ishtirok etdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha bo‘yicha asosiy xalqaro va investitsiyaviy kelishuvlar allaqachon imzolangan. Shuningdek, bosh pudratchi aniqlanib, moliyalashtirish masalalari hal etilgan. Ayni paytda tunnellar, ko‘priklar va boshqa infratuzilma obektlari qurilmoqda.
Qirg‘iziston tomoni qurilishga mahalliy mutaxassislarni jalb etish, mamlakatda ishlab chiqarilgan materiallardan foydalanish va ekologik talablarga rioya qilish zarurligini ta’kidladi. Uchrashuvda ikki mamlakat vakillari loyihani amalga oshirishda shaffoflik muhim ekanini qayd etib, qurilishni belgilangan muddatlarda yakunlash uchun hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.
«Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston» temiryo‘li mintaqadagi eng yirik infratuzilma loyihalaridan biri hisoblanadi. Yo‘lning umumiy uzunligi qariyb 480 kilometrni tashkil etadi, shundan 304 kilometrdan ortig‘i Qirg‘iziston hududidan o‘tadi.
Yangi temiryo‘l koridori Yevrosiyo kontinental ko‘prigining janubiy bo‘g‘iniga aylanib, Janubi-Sharqiy, G‘arbiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga yo‘l ochishi kutilmoqda. Ushbu yo‘nalish Xitoydan Qirg‘izistonga, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga, jumladan, Turkiyaga va undan keyin Yevropa Ittifoqiga yuklarni yetkazib berishni ta’minlashi mumkin.
Mavzuga oid
17:52
Shavkat Mirziyoyev Xitoydagi fojiali hodisalar yuzasidan Si Jinpingga hamdardlik yo‘lladi
17:31
Xitoy muvaffaqiyatli raketa parvozidan keyin uning busterini qaytarib oldi
11:50
Der Spiegel: Xitoy Rossiya bilan harbiy-texnik hamkorlikni kengaytirgan
22:47 / 09.07.2026