Jamiyat | 10:16
1061
1 daqiqa o‘qiladi

Dori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi 2026 yilning ikkinchi choragida dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalarini oshirib qo‘llagan yuzlab dorixonalarni aniqladi. Tekshiruvlar natijasida 237 ta dorixona 1,9 milliard so‘m miqdorida asossiz daromad olgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: TASS

Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalarini buzish holatlari Soliq organlari tomonidan aniqlanib, ular haqidagi ma’lumotlar qo‘mitaning Fair Tech yagona axborot tizimiga yuborilmoqda.

2026 yilning ikkinchi choragi davomida mazkur tizim orqali kelib tushgan xabarlar asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 237 ta dorixonada, jumladan 33 ta ulgurji va 204 ta chakana dorixonada, jami 148 810 ta holatda qonunbuzarlik aniqlangan.

Tekshiruvlar davomida ushbu dorixonalar tomonidan 1,9 milliard so‘m miqdorida asossiz daromad olingani belgilangan.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, qonunbuzarliklar bo‘yicha iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitoblar amalga oshirilib, ularning buzilgan huquqlarini tiklash choralari ko‘rilgan.

Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi dori vositalari narxlariga oid qonunchilik talablarini buzgan dorixonalarga nisbatan choralar ko‘rish davom ettirilishini, ularning ro‘yxati esa ochiq tarzda e’lon qilib borilishini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid