Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Issiq tufayli Qoraqalpog‘istondagi bog‘chalar vaqtincha yopiladi
Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri va yana 8 ta tumanda jazirama issiq tufayli bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. 13 iyuldan 18 iyulgacha bo‘lgan cheklov SES tavsiyasi bilan bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ob-havo keskin isib ketishi munosabati bilan hududdagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatilishini ma’lum qildi.
Ushbu chora bolalar sog‘lig‘ini anomal issiqlik ta’siridan himoya qilish va ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingani qayd etilgan.
Shahar va tuman hokimlari qarorlariga muvofiq, bog‘chalar quyidagi muddatlarda ishlamaydi:
- Nukus shahri – 13 iyuldan 18 iyulgacha;
- Xo‘jayli tumani – 13 iyuldan 18 iyulgacha;
- Amudaryo tumani – 13 iyuldan 15 iyulgacha;
- Beruniy tumani – 13 iyuldan 17 iyulgacha;
- Taxiatosh tumani – 13 iyuldan 17 iyulgacha;
- Shumanay tumani – 13 iyuldan 17 iyulgacha;
- Mo‘ynoq tumani – 13 iyuldan 17 iyulgacha;
- Qonliko‘l tumani – 13 iyuldan 17 iyulgacha;
- To‘rtko‘l tumani – 13 iyuldan 17 iyulgacha.
Bog‘chalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hududiy bo‘limlarining tegishli xulosa va tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, mutasaddilar ota-onalardan farzandlarining salomatligiga e’tiborli bo‘lishni, kunning eng issiq vaqtlarida ularning ochiq havoda uzoq vaqt qolishiga yo‘l qo‘ymaslikni va zarur ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘ragan.
Ma’lumot uchun, O‘zgidromet 13–17 iyul kunlari O‘zbekistonga juda issiq havo oqimlari kirib kelishidan ogohlantirgandi. Harorat +44…+46 darajagacha ko‘tariladi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil iyulida ham havo isib ketishi tufayli Qoraqalpog‘istonning aksar hududlarida bog‘chalar vaqtincha yopilgandi.