Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«O‘zbekiston» mehmonxonasida kichik yong‘in chiqdi
Mehmonxonaning 10-qavatida ro‘y bergan hodisa tezkorlik bilan bartaraf etilgan. Yong‘in xizmatchi xodimlar xonasiga zarar yetkazgan, jabrlanganlar yo‘q.
Toshkent shahrining Amir Temur xiyoboni yaqinida joylashgan mashhur «O‘zbekiston» mehmonxonasida yong‘in sodir bo‘ldi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda mehmonxonaning yuqori qavatlaridan biridan olov va tutun chiqayotgani, keyinroq xodimlar mustaqil tarzda olovni o‘chirishga harakat qilgani aks etgan.
Toshkent shahri Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga ko‘ra, 12 iyul kuni soat 14:45 da mehmonxonaning 10-qavatida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Shunga ko‘ra, qutqaruv texnikalari aytilgan manzilga soat 14:49 da yetib borib, yong‘in soat 14:54 da o‘chirilgan.
Aytilgan manzilda binoning yong‘inga qarshi o‘rnatilgan xavfsizlik tizimlari o‘z vaqtida ishlagani sababli yong‘in o‘z vaqtida tezkorlik bilan bartaraf etilgan, deyiladi xabarda.
Hodisa oqibatida «O‘zbekiston» mehmonxonasining 10-qavatidagi xizmatchilar xonasi zararlangan. Tan jarohati olganlar fuqarolar yo‘q.