Jahon | 17:46
1903
2 daqiqa o‘qiladi

Qatarning sobiq amiri vafot etdi

Shayx Hamad Qatarni 1995–2013 yillarda boshqargan va mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy yuksalishida hal qiluvchi o‘rin tutgan.

Foto: REUTERS

Qatarning sobiq amiri, mamlakat taraqqiyotining asosiy me’morlaridan biri bo‘lgan shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy 74 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi Al-Jazira telekanali.

Xabarga ko‘ra, Qatarda dushanba kunidan boshlab to‘rt kunlik motam e’lon qilindi.

Shayx Hamad Qatarni 1995–2013 yillarda boshqargan va mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy yuksalishida hal qiluvchi o‘rin tutgan. Uning rahbarligi davrida Qatar xalqaro maydondagi nufuzini sezilarli darajada mustahkamladi.

U yirik iqtisodiy investitsiya loyihalariga rahbarlik qildi va xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishga hissa qo‘shdi. Natijada Qatar dunyodagi suyultirilgan tabiiy gazning eng yirik eksportchisiga aylandi.

Shayx Hamad davrida 2004 yilda Qatarning birinchi doimiy Konstitutsiyasi qabul qilindi. Shuningdek, munitsipal saylovlar joriy qilinib, ayollarga ovoz berish va nomzod sifatida qatnashish huquqi berildi.

U 2013 yilda hokimiyatni o‘g‘li va vorisi shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga topshirgandi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid