O‘zbekiston | 12:46
5049
2 daqiqa o‘qiladi

Anomal issiq hafta

13–19 iyul kunlari kutiladigan anomal issiq va qurg‘oqchilik qishloq xo‘jaligi uchun haftaning asosiy xavfi bo‘ladi. Yog‘ingarchilik deyarli kuzatilmaydi, havo harorati +46...+48 darajagacha ko‘tarilishi hamda bug‘lanishning keskin ortishi ekinlarda suv tanqisligini kuchaytirishi mumkin.

Hafta davomida kutilayotgan ob-havo bilan iqlimshunos Erkin Abdulahatov tanishtiradi.

Hafta davomida respublikada havoning quruqligi keskin kuchayadi. Yuqori harorat, past nisbiy namlik va kuchli bug‘lanish ta’sirida tuproq namligi tez yo‘qoladi. Ayniqsa sug‘orilmaydigan maydonlarda o‘simliklar kuchli issiqlik va nam tanqisligi stressini boshidan kechiradi. Paxta, sabzavot-poliz, bog‘dorchilik va uzumchilikda kunduzgi yuqori harorat fotosintez samaradorligini pasaytirishi, meva tugish va hosil shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bois sug‘orish ishlarini ertalabki yoki tungi soatlarga ko‘chirish, tuproq namligini saqlash choralarini kuchaytirish hamda chorva mollarini kunning eng issiq soatlarida soyada saqlash va yetarli ichimlik suvi bilan ta’minlash haftaning eng muhim agrometeorologik vazifalaridan biri bo‘ladi. Bu hafta qishloq xo‘jaligi uchun asosiy xavf — yog‘ingarchilik emas, aynan havo qurg‘oqchiligi va ekstremal issiqlik stressidir.

Шокир Шарипов
Tayyorlagan Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid