O‘zbekiston | 10:30
981
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika tizimi kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkaziladi

Yozgi issiq kunlarda elektr energiyasiga bo‘lgan talabning keskin ortishi munosabati bilan O‘zbekiston energetika tizimi kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkaziladi. Bu haqda Energetika vazirligida Yonilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Foto: Energetika vazirligi

Yig‘ilishda yoz mavsumida yonilg‘i-energetika tizimi obektlarining barqaror ishlashini ta’minlash, iste’molchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda yonilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda Energetika vazirligi, yoqilg‘i-energetika tizimi korxonalari, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, «O‘zenergoinspeksiya», viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda boshqa tegishli idoralar rahbar va vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda elektr energiyasi iste’moli yuqori bo‘ladigan kunlarda iste’molchilarni uzluksiz elektr bilan ta’minlash, energetika obektlarini 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazish, avariya brigadalarining shayligini oshirish va rejali ta’mirlash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, yaqin kunlarda respublikada sutkalik elektr energiyasi iste’moli 280 million kVt·soatga, maksimal yuklama esa 13–13,3 gigavattgacha yetishi mumkin. Shu munosabat bilan elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarning ishonchli faoliyatini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda profilaktik nazoratni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda Toshkent shahridagi ayrim podstansiyalarda yuz bergan nosozliklar va ular oqibatida sodir bo‘lgan avariyaviy elektr uzilishlari ham tanqidiy muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun ayrim mas’ullarning shaxsiy javobgarligi belgilanib, bir qator rahbarlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, kutilayotgan issiq ob-havo sharoitida benzin, dizel yonilg‘isi va suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini sanoat hamda yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etish topshirildi. Havo harorati yuqori bo‘lgan vaqtlarda yong‘in va portlash xavfini kamaytirish maqsadida suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish belgilandi.

Mazkur talablar ijrosini ta’minlash uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bosh prokuratura, «O‘zenergoinspeksiya» hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bilan hamkorlikda respublika hududlaridagi energetika obektlari va yonilg‘i infratuzilmasida kuchaytirilgan nazorat reydlari o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Yig‘ilish yakunida tizim rahbarlari avval berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan qat’iy ogohlantirildi. Shuningdek, iste’molchilar murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, avariyaviy holatlar haqida aholini o‘z vaqtida xabardor qilish, navbatchilik tizimini mustahkamlash hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashni davom ettirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid