Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron Ho‘rmuzni yana yopdi, Zelenskiy hukumatni almashtirmoqchi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh–Eron urushi davom etmoqda
AQSh va Eron kuchlari o‘rtasida yakshanba kuni ham shiddatli raketa va dron hujumlari davom etdi. Bu galgi zarbalar sur’ati va ko‘lami jihatidan keskinlashuvi bilan ajralib turdi.
Tehron shanba kuni kechqurun ruxsat etilmagan yo‘nalishda harakatlanayotgan kemaga qarata ogohlantiruvchi o‘q uzdi va Ho‘rmuzni yopdi. Yakshanba kuni esa ikkinchi kemani ham safdan chiqardi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi o‘z bayonotida Eronga qarshi qo‘shimcha zarbalar berish boshlanganini, bu choralar «ularning Ho‘rmuzdan o‘tayotgan kemalariga hujum qilish qobiliyatini zaiflashtirish» maqsadida ekanini ma’lum qildi.
Shuningdek, Centcom rasmiysi AQSh samolyotlari Eronning qanotli raketasi va kamikadze dronini urib tushirganini aytdi. AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga berilgan zarbalarga to‘xtalib: «Biz ularni tor-mor qilyapmiz», dedi Reutersʼga bergan qisqa izohida.
Eron ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, bo‘g‘ozda harbiy obektlar joylashgan Sirik va Bandar-Abbos port shaharlari hamda Qishm orolida raketa hujumlari va portlashlar sodir bo‘lgan.
AQSh hujumlariga javoban Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Iordaniyadagi qo‘mondonlik-nazorat markazi va dron angarlarini yo‘q qilganini bildirdi. Shuningdek, Kuvaytdagi AQSh radari va raketa uchirish tizimlari, Ummondagi AQSh aviatashuvchilarini qo‘llab-quvvatlash va yonilg‘i quyish platformalariga hujum qilingan. Eron Qatardagi samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi va qo‘mondonlik obektini ham vayron qilganini da’vo qildi.
«Bir tomonlama kelishuvlar davri tugadi. Biz sizga aytgan edik: va’dangiz ustidan chiqing yoki badal to‘lang. Haqiqat eshik qoqmoqda», deb yozdi Eron bosh muzokarachisi Muhammad Boqir G‘olibof.
Qatar portlash parchalari tushishi natijasida uch kishi, jumladan, bir bola jarohatlanganini ma’lum qildi. Rasmiy Doha ushbu hujum uchun «to‘liq huquqiy javobgarlik» Eron zimmasida ekanini ta’kidladi. Umuman olganda, Eronning so‘nggi javob hujumlarida 6 ta davlat — Iordaniya, Qatar, BAA, Ummon, Bahrayn va Kuvayt hujumlar to‘lqini haqida xabar berdi.
Ukrainada bosh vazir almashadi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bosh vazir Yuliya Sviridenkoni bir yillik faoliyatidan so‘ng almashtirishni rejalashtirmoqda.
Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, bosh vazirning iste’fosi parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak va bu butun hukumatning iste’foga chiqishini keltirib chiqaradi.
Zelenskiy hukumatni kim boshqarishiga yoki Sviridenkoning yangi lavozimi qanday bo‘lishiga aniqlik kiritmadi. Biroq u huquq-tartibot idoralari rahbarlari tarkibida ham o‘zgarishlar bo‘lishini qo‘shimcha qildi. U ushbu o‘zgarishlar «yangilangan siyosiy strategiya amalga oshirilishini ta’minlash» uchun zarurligini aytdi, ammo tafsilotlarni ochiqlamadi.
Kasbi iqtisodchi bo‘lgan Sviridenko bosh vazirlikka 2025 yil iyul oyida kelgandi. Qonunchilarning aytishicha, ehtimoliy vorislar qatoriga energetika vaziri Denis Shmigal, mudofaa vaziri Mixailo Fedorov va «Naftogaz» davlat energetika kompaniyasi rahbari Sergiy Koretskiy kiradi.
O‘tgan yil davomida Ukraina o‘zining eng yirik korrupsiya janjali bilan larzaga keldi, bu esa prezident administratsiyasi nufuzli rahbarining iste’foga chiqishiga olib keldi. Rasmiylarning bildirishicha, «Energoatom» kompaniyasida 100 million dollarlik "otkat" sxemasini o‘z ichiga olgan «Midas ishi» G‘arbdagi ittifoqchilar oldida hukumat obro‘siga soya solgan.
Siyosatchilarning o‘limi
Qatar sobiq amiri – shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy yakshanba kuni 74 yoshida vafot etdi. Shayx Hamad Qatarni 1995 yildan 2013 yilgacha boshqargan. U hokimiyatni ixtiyoriy ravishda topshirgan birinchi zamonaviy arab yetakchilaridan hisoblanadi. Hozirgi amir — shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy uning o‘g‘li.
Shayx Hamad – 1970 yillar oxirida valiahd shahzoda etib tayinlangan va 1995 yilda otasi chet elda bo‘lgan vaqtda uni taxtdan ag‘darib, qonsiz to‘ntarish orqali hokimiyatga kelgan. 2004 yilda ota-bola yarashib olgan.
Aynan shayx Hamad davrida Qatar – xazinasi deyarli bo‘sh bo‘lgan kichik va chekka amirlikdan mintaqaviy kuchga aylandi.
Hamad Qatarning ulkan tabiiy gaz zaxiralaridan foydalanib, uni suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha dunyodagi yetakchilardan biriga aylantirdi. Natijada Qatar aholi jon boshiga YaIM hajmi bo‘yicha sayyoradagi eng boy davlatlardan biri bo‘ldi.
Shayx Hamad hukmronligi davrida Qatar G‘azo sektoridagi loyihalarni moliyalashtirish uchun yuzlab million dollar ajratishni boshlagandi.
Dam olish kunlarida okean ortida ham yana bir mashhur siyosatchining o‘limi yuz berdi: AQSh senatori Lindsi Grem «qisqa muddatli va to‘satdan yuz bergan xastalik» tufayli shanba kuni kechqurun vafot etdi.
Janubiy Karolina shtatidan bo‘lgan respublikachi 71 yoshda edi. U hech qachon uylanmagan va farzand ko‘rmagan. Grem o‘limidan oldin Ukraina safaridan qaytgandi. O‘limning aniq sababi hozircha ochiqlanmagan.
Bir paytlar Trampni tanqid qilib yurgan Grem 2015 yildan keyin uning Senatdagi asosiy ittifoqchisiga aylangan.
Grem Senatda Isroilning eng ashaddiy tarafdorlaridan biri hamda Ukrainaning ishonchli ittifoqchisi edi. Shuningdek, u AQShning Eronga qarshi hozirgi harbiy amaliyotlarini faol ravishda ilgari surgan edi. U faoliyatining dastlabki davrida AQShning 2003 yilda Iroqqa bostirib kirishini ham qat’iy qo‘llab-quvvatlagandi.
Isroil G‘azoda 6 kishini o‘ldirdi
Yakshanba kuni Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida olti kishi, jumladan, 9 yoshli qizaloq halok bo‘lgan. Bu haqda Falastin sog‘liqni saqlash rasmiylariga tayanib Reuters xabar berdi.
Tibbiyot xodimlarining aytishicha, Isroil kuchlari G‘azo markazidagi Al-Bureyj qochqinlar lagerining sharqiy qismida joylashgan chodirlar lageriga o‘q uzgan. Oqibatda 9 yoshli Tala Abu Matar halok bo‘lgan. Isroil harbiylari ushbu hodisadan xabardor emasligini bildirdi.
G‘azo shahridagi metall quyish markaziga berilgan havo zarbasi oqibatida esa to‘rt kishi halok bo‘ldi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, obektga Isroilning uchta raketasi kelib tushgan.
Isroil harbiylari qurol-yarog‘ ishlab chiqarish korxonasi ichida faoliyat ko‘rsatayotgan Hamas askarlariga zarba berganini ma’lum qildi.
2025 yil oktyabr oyida Isroil va Hamas o‘rtasida kelishilgan otashkesim sektordagi yirik janglarni to‘xtatdi. Biroq u kuchga kirganidan buyon 1000 dan ortiq falastinlik umriga zomin bo‘lgan Isroil hujumlarini to‘xtata olmayapti.
Qohirada shu kunlarda bo‘layotgan muzokaralar Hamasni qurolsizlantirish va Isroil armiyasini olib chiqib ketishni o‘z ichiga oladi. Biroq hozircha hech qanday keskin siljishga erishilmagan, deydi Reuters manbalari.
Tailandda yong‘in
Dushanbaga o‘tar kechasi Tailand poytaxti Bangkokdagi pabda yuz bergan yong‘in oqibatida kamida 27 kishi halok bo‘ldi. AP nashrining mahalliy hukumatga tayanib xabar berishicha, 63 kishi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan 22 nafari o‘ta og‘ir ahvolda.
Ijtimoiy tarmoqlarda vahimaga tushgan odamlar bino eshigidan yugurib chiqayotgani, ichkaridan esa olov otilib chiqayotgani aks etgan tasvirlar tarqalmoqda.
Yong‘inning aniq sabablari hozircha noma’lum. Kafeda bo‘lganlardan birining aytishicha, dastlab avtomatik shitdan tutun chiqqan, shundan so‘ng qarsillagan ovoz eshitilgan va xona tezda quyuq tutun bilan to‘lgan.
«Olov juda tez tarqaldi va shiftgacha yetib bordi. Ehtimol, o‘limning asosiy sababi tutundan zaharlanish bo‘lgan», dedi Bangkok gubernatori.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jasadlarning bir qismi binoning ichida, aftidan, nimadir bilan to‘sib qo‘yilgan yong‘in chiqish eshigi oldida topilgan. Yong‘in boshlanganda ichkarida qancha odam bo‘lgani hozircha aniq emas.
Mavzuga oid
14:32 / 10.07.2026
Germaniyada jaziramadan 5 ming kishi o‘ldi, Xitoy «Bavi» to‘foniga tayyorlanmoqda – kun dayjesti
15:32 / 09.07.2026
Ukraina «Patriot» ishlab chiqarishi mumkin, Durov Parijda so‘roq qilindi – kun dayjesti
15:45 / 08.07.2026
AQSh va Eron yana zarbalar almashdi, Turkiyadan sanksiyalar yechilmoqda – kun dayjesti
15:35 / 07.07.2026