Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sinner ikkinchi marta ketma-ket Uimbldon chempioni bo‘ldi
Germaniyalik tennischi Aleksandr Zverev Uimbldon–2026 turniri finalida jahonning birinchi raqami, italiyalik Yannik Sinnerga mag‘lub bo‘ldi. Bu Zverevning «Katta dubulg‘a» turnirlari finallaridagi to‘rtinchi mag‘lubiyati bo‘ldi.
Uimbldonning erkaklar o‘rtasidagi hal qiluvchi bahsi 12 iyul kuni Londonda bo‘lib o‘tdi. To‘rt set davom etgan uchrashuvda Yannik Sinner g‘alaba qozonib, o‘z faoliyatidagi ikkinchi ketma-ket Uimbldon chempionligini qo‘lga kiritdi.
Final keskin va murosasiz kurash ostida o‘tdi. Ilk ikki setda har ikki tennischi ishonchli harakat qildi. Birinchi set taqdirini hal qilgan tay-breykda Zverev ustun kelgan bo‘lsa, ikkinchi setda xuddi shunday vaziyatda Sinner muvaffaqiyat qozondi.
Uchinchi set o‘rtasida Aleksandr Zverev maysali qoplamada yiqilib, tizzasini shikastlab oldi. Shundan so‘ng u muhim ochkoni boy berdi va raqibiga breyk qilish imkonini taqdim etdi. Natijada set 3:6 hisobida Sinner foydasiga hal bo‘ldi.
To‘rtinchi setda ham italiyalik tennischi hal qiluvchi breykni amalga oshirib, 6:4 hisobida ustun keldi va chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bu Sinnerning faoliyatidagi beshinchi «Katta dubulg‘a» sovrini bo‘ldi. Shu vaqtgacha u yirik turnirlar finalida atigi ikki marta mag‘lubiyatga uchragan.
Ushbu uchrashuvdan keyin Sinner va Zverevning «Katta dubulg‘a» turnirlaridagi o‘zaro hisobida italiyalikning ustunligi 4:2 ko‘rinishiga keldi. 2025 yilda Avstraliya ochiq chempionati finalida ham Sinner Zverevni mag‘lub etgan edi.
29 yoshli Aleksandr Zverev o‘z faoliyatida beshinchi marta «Katta dubulg‘a» turniri finalida maydonga tushdi. Biroq u shularning to‘rttasida mag‘lub bo‘ldi. Bundan avval u 2020 yilda US Open finalida avstriyalik Dominik Timga, 2024 yilda esa «Rolan Garros» finalida ispaniyalik Karlos Alkarasga yutqazgan edi.
Shunga qaramay, Zverev jahon reytingida uchinchi o‘rinni saqlab qolmoqda. Uning Karlos Alkaras bilan ochkolar bo‘yicha farqi katta emas. Uimbldon yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan vaqtinchalik reytingda esa germaniyalik tennischi ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan.
Zverev joriy yil iyun oyida Parijdagi «Rolan Garros» turnirida g‘olib chiqib, so‘nggi 30 yil ichida Germaniyaga «Katta dubulg‘a» chempionligini keltirgan ilk tennischiga aylangan edi. Ungacha bu natijaga 1996 yilda afsonaviy tennischi Boris Bekker erishgan.
Shuningdek, Aleksandr Zverev Germaniya tarixida «Katta dubulg‘a»ning barcha to‘rt turniri finaliga chiqqan yagona tennischi hisoblanadi.
Ayollar o‘rtasidagi Uimbldon–2026 finalida esa chexiyalik Linda Noskova o‘z hamyurti Karolina Muxovani mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Mavzuga oid
08:45 / 08.06.2026
Rolan Garros–2026: Zverev tarixiy g‘alabaga erishdi
00:44 / 14.07.2025
Yannik Sinner Alkarasni mag‘lub etdi va birinchi marta Uimbldon g‘olibiga aylandi
17:04 / 15.02.2025
Dunyoning birinchi raqamli raketkasi «atrofidagilarning beparvoligi» uchun diskvalifikatsiya qilindi
16:46 / 26.01.2025