O‘zbekiston | 11:20
1236
2 daqiqa o‘qiladi

So‘xga muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida transport infratuzilmasini rivojlantirish doirasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, uchish-qo‘nish maydoni kengaytirilib, yangi aviayo‘nalishlar ochish, jamoat transportini yo‘lga qo‘yish va chegara o‘tkazish punktlari imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

Bu chora-tadbirlar prezidentning 2026 yil 8 iyuldagi «So‘x tumanini 2026–2028 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud zaxira va imkoniyatlarni ishga solish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–258-son qarorida belgilangan.

Qarorga muvofiq, So‘x tumanida Cessna-208 Caravan va L-410 rusumli havo kemalari orqali muntazam aviaqatnovlar tashkil etiladi. Bu maqsadda uchish-qo‘nish maydoni va yo‘lagini kengaytirish uchun qo‘shimcha 13 gektar yer maydoni ajratiladi.

Loyiha doirasida aholi ehtiyoji yuqori bo‘lgan yangi aviayo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan. Bu tuman aholisining mamlakatning boshqa hududlari bilan transport aloqasini yaxshilashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, So‘xdan boshqa shahar va tumanlarga muntazam jamoat transporti qatnovlari tashkil etiladi. Bu aholining harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirish va transport xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan.

Qarorga muvofiq, chegara o‘tkazish punktlarida ro‘yxatga olish darchalari soni ham ikki baravarga ko‘paytiriladi. Natijada fuqarolarning davlat chegarasidan o‘tish jarayoni tezlashib, ular uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi.

Mazkur chora-tadbirlar So‘x tumanining transport-logistika salohiyatini oshirish, aholi mobilligini ta’minlash va hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid