Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropada issiqlik to‘lqini qurbonlari soni 10 mingdan oshdi
Iyun oyi oxirida Yevropani qamrab olgan kuchli issiqlik to‘lqini qit’ada 10 mingdan ortiq qo‘shimcha o‘lim holatlariga sabab bo‘lgan. Bu haqda Yevropa kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (ECDC) hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ko‘magida faoliyat yurituvchi EuroMOMO (European Mortality Monitoring) dasturi ma’lumotlariga tayanib, dpa axborot agentligi xabar qildi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, issiqlik bilan bog‘liq o‘lim holatlarining aksariyati 65 yoshdan katta aholi hissasiga to‘g‘ri keladi. Hisob-kitoblarga muvofiq, qurbonlarning 9 mingdan ortig‘ini aynan shu yosh toifasidagi insonlar tashkil etgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, favqulodda yuqori harorat nafaqat issiq urishiga, balki yurak-qon tomir, nafas olish tizimi va boshqa surunkali kasalliklarning keskin og‘irlashishiga ham sabab bo‘ladi. Shu bois keksa yoshdagi insonlar issiq havo ta’siriga eng ko‘p moyil xavf guruhi hisoblanadi.
EuroMOMO mutaxassislari Yevropa bo‘ylab 27 mamlakatning milliy statistika ma’lumotlarini tahlil qildi. Loyiha alohida davlatlar bo‘yicha raqamlarni e’lon qilmagan bo‘lsa-da, iyun oyining so‘nggi haftasida eng yuqori darajadagi qo‘shimcha o‘lim holatlari asosan Fransiya va Belgiyada kuzatilganini ma’lum qildi.
Germaniyada 5 mingdan ziyod qurbon
Issiqlik oqibatlariga oid boshqa tadqiqotlar ham mavjud. Germaniyaning Robert Kox instituti (RKI) hisob-kitoblariga ko‘ra, iyun oyi oxiriga kelib mamlakatda ekstremal issiqlik tufayli taxminan 5 100 kishi vafot etgan.
Shundan 4 310 nafari faqat 22–28 iyun kunlari davom etgan eng issiq hafta hissasiga to‘g‘ri keladi. Vafot etganlarning 80 foizdan ortig‘ini 75 yoshdan katta insonlar tashkil qilgan.
Tadqiqotda yana bir jihat qayd etilgan: issiqlik bilan bog‘liq o‘limlar ayollar orasida erkaklarga nisbatan ko‘proq uchragan. Biroq olimlar bu holatni yuqori yosh toifalarida ayollar soni erkaklarga nisbatan ko‘proq ekani bilan izohlagan.
Buyuk Britaniya va boshqa shaharlarda ham vaziyat og‘ir
Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan alohida tadqiqot ham xavotirli raqamlarni ko‘rsatdi. Imperial kolleji, mamlakat Meteorologiya xizmati va London gigiyena hamda tropik tibbiyot maktabi olimlari hisob-kitoblariga ko‘ra, iyun oyi oxiridagi issiqlik to‘lqini faqat Angliya va Uelsning o‘zida taxminan 2 700 kishining hayotiga zomin bo‘lgan.
Ushbu ilmiy jamoa Yevropaning 12 yirik shahridagi vaziyatni ham tahlil qildi. Ularning baholashicha, ana shu shaharlarning o‘zida issiqlik sababli qariyb 2 300 kishi vafot etgan. Eng ko‘p o‘lim holatlari Italiyaning Milan shahrida, Fransiya poytaxti Parijda va Ispaniyaning Barselona shahrida qayd etilgan.
Mutaxassislar iqlim o‘zgarishi oqibatida Yevropada ekstremal issiq to‘lqinlari tobora tez-tez takrorlanayotganini ta’kidlab, aholini, ayniqsa keksa yoshdagilarni himoya qilish bo‘yicha profilaktik choralarni kuchaytirish muhimligini urg‘ulamoqda.
Mavzuga oid
10:40
Shtaynmayyer: Yevropa Rossiya va AQShning «shafqatsizlik siyosati»ga o‘z modeli bilan javob berishi kerak
09:44 / 08.07.2026
Anqarada NATO sammiti: Ukraina va Yevropa xavfsizligi kun tartibida
10:00 / 06.07.2026
Kuchli issiq Yevropada o‘rmon yong‘inlarini kuchaytirdi
08:15 / 02.07.2026