O‘zbekiston | 15:30
4215
2 daqiqa o‘qiladi

Kitob tumanida quturish kasalligi qayd etildimi? Rasmiy izoh berildi

Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborotiga ko‘ra, 10 iyul kuni Kitob tumanida 47 yoshli vatandosh xavfli yuqumli kasallik gumoni bilan shifoxonaga yotqizilgan va ertasiga vafot etgan. Uni taxminan bir oy oldin tulki bolasi tirnagani ma’lum. O‘lim sababiga aniqlik kiritish uchun tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoning Kitob tumani Varganza mahallasida bir oilaning uch a’zosida quturish kasalligi aniqlangani haqida mish-mish tarqaldi. Viloyat cog‘liqni saqlash boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Boshqarmaga ko‘ra, joriy yilning 10 iyul kuni Kitob tumanida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan fuqaro xavfli yuqumli kasallik gumoni bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Epidemiologik surishtiruv davomida bemorni taxminan bir oy avval tulki bolasi tirnagani aniqlangan. Afsuski, u joriy yil 11 iyul kuni vafot etgan.

Hozirgi vaqtda vafot etgan fuqaroning o‘lim sababi yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

“Mazkur hududda yashovchi uch nafar fuqaro ehtiyot chorasi sifatida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularda quturish kasalligining klinik belgilari aniqlanmadi. Ayni paytda ushbu fuqarolar shifokorlar nazoratiga olinib, zarur profilaktik emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Qolaversa, Kitob tumanida viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda veterinariya mutaxassislari hamkorligida epidemiologik vaziyat to‘liq nazoratga olingan”, – deyiladi SSV axborotida.

Vazirlik vatandoshlardan ortiqcha xavotirga berilmaslikni, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan esa asossiz va tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid