Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Eronga qarshi yangi zarbalarni e’lon qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Ho‘rmuz bo‘g‘ozini harbiy nazorat ostiga olishini hamda u yerdan o‘tuvchi barcha kemalar tashayotgan yuk qiymatining 20 foizi miqdorida tarif joriy etilishini ma’lum qildi. Shuningdek, u Eronga qarshi yangi harbiy zarbalar davom ettirilishini ham e’lon qildi.
Donald Tramp 13 iyul kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozida xavfsizlikni ta’minlashni o‘z zimmasiga olishini bildirdi.
«Biz Ho‘rmuz bo‘g‘ozini nazoratga olmoqdamiz. Endi AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qo‘riqchisi bo‘ladi», — deb yozdi Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qaror kuchga kirishi bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanuvchi barcha kemalar tashayotgan yuk uchun 20 foizlik tarif joriy etiladi. Shu bilan birga, AQSh Eron kemalari va Tehron bilan hamkorlik qilayotgan sub’yektlarga nisbatan dengiz blokadasini qayta tiklaydi.
Avvalroq Fox News telekanaliga bergan intervyusida ham Tramp AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozini o‘z nazoratiga olishini tasdiqlab, Eron bilan avval erishilgan kelishuv Tehron tomonidan buzilganini aytgan. Shu sababli Amerika Eron hududiga qarshi yangi harbiy amaliyotlarni amalga oshirishini ma’lum qildi.
AQSh Eronga qarshi uchinchi zarbalar to‘lqinini amalga oshirdi
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xalqaro dengiz huquqi normalariga muvofiq harakatlanayotgan barcha kemalar uchun ochiqligini bildirdi. Shu bilan birga, AQSh harbiylari Erondan kelayotgan tahdidlarga qaramay, mintaqada erkin kema qatnovini ta’minlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Shu kuni AQSh Harbiy-havo kuchlari Eron hududiga qarshi bir hafta ichidagi uchinchi havo hujumlarini amalga oshirdi. Eron davlat telekanali Press TV Tehron hamda Sirik, Konarak, Chobahor, Jask va Bandar-Abbos shaharlarida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushgani va portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi.
CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, yangi hujumlarga Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ning Kipr bayrog‘i ostida harakatlangan GFS Galaxy konteyner kemasiga qilgan hujumi sabab bo‘lgan. Hodisa oqibatida ekipaj a’zolaridan biri bedarak yo‘qolgan, kemada yong‘in chiqqan va mashina bo‘limiga jiddiy shikast yetgan.
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopishini e’lon qildi
IIMK Dengiz kuchlari AQShning mintaqadagi harakatlari to‘xtatilmaguncha Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopishini ma’lum qildi. Shuningdek, Eron Fors ko‘rfazidagi bir qator davlatlarga zarbalar berganini, asosiy nishonlar AQShning mintaqadagi harbiy bazalari bo‘lganini ta’kidladi.
Tinchlik kelishuvi buzildi
17 iyun kuni AQSh va Eron o‘rtasida jangovar harakatlarni to‘xtatish hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokadani bekor qilishni nazarda tutuvchi hadli kelishuv imzolangan edi. Biroq 25 iyun kuni Eronga tegishli dron-kamikadze Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan fuqarolik tankeriga hujum qildi. Buning ortidan AQSh Eron hududiga bir necha marta havo zarbalari berdi.
8 iyul kuni NATO sammitida Donald Tramp Eron bilan imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi amal qilishdan to‘xtaganini ma’lum qildi. U Vashington Eronga qarshi neft sanksiyalarini qayta tiklaganini ham bildirdi.
Shu bilan birga, Reuters agentligiga ko‘ra, 11 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yopiq muzokaralarda eronlik rasmiylar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalarga qilingan yangi hujumlar uchun mas’uliyatni «nazoratdan chiqqan ayrim tuzilmalar» zimmasiga yuklagan va AQSh bilan muzokaralarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan.