Jahon | 22:58 / 15.07.2026
809
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda Tramp tasvirlangan 1 dollarlik tanga chiqariladi

Bu mojaro keltirib chiqarishi mumkin, chunki Amerika qonunchiligi tirik prezidentlarni tangada tasvirlashni taqiqlaydi.

Foto: Fox News

AQShning 250 yilligi sharafiga mamlakat zarbxonasi amaldagi prezident Donald Tramp tasviri tushirilgan 1 dollarlik mojaroli tangani chiqaradi. Independent nashrining yozishicha, zarb qilish uchun tanlangan dizayn AQSh Tasviriy san’at komissiyasi kengashi tomonidan tavsiya etilmagan.

«G‘aznachilik kotibi sifatida menda faqat ikkita majburiyat bor: tanganing qayeridadir «In God We Trust» (Biz Xudoga ishonamiz) degan yozuvi bo‘lishi va unda tirik odam tasvirlanmasligi kerak. Ammo 150 yillik nishonlanganida Kalvin Kulij tasviri tushirilgan tanga chiqarilgan edi, demak, biz tangalarga tirik odamlar tasvirini joylashtirishimiz mumkin», dedi g‘aznachilik kotibi Skott Bessent.

Foto: AFP

Kulij tasvirlangan esdalik tangasi 1926 yilda, u prezidentlik davrida, AQShning 150 yilligi munosabati bilan chiqarilgan. Bu tangalar bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan va ularning aksariyati keyinchalik eritib yuborilgan. Gap shundaki, qoidalarga ko‘ra, Amerika pullarida tirik odamni tasvirlash mumkin emas.

Biroq AQSh ma’muriyati Tramp tasviri 2020 yilda qabul qilingan «Muomaladagi va kolleksiya qiymatiga ega tangalar dizaynini qayta ishlash to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq 1 dollarlik tangalarda aks ettirilishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu qonun Bessentga 2026 yil yanvaridan boshlab bir yil davomida 1 dollarlik tanga chiqarish vakolatini beradi.

Yanvar oyida Tasviriy san’at komissiyasi 1 dollarlik tanganing old va orqa tomoni dizaynining bir nechta variantini ko‘rib chiqqan. Komissiya a’zolari dastlab tanganing old tomoniga Trampning profildan tushirilgan portretini joylashtirishni tavsiya qilgan edi.

Shu bilan birga, Amerika qonunchiligi tirik prezidentlarni tangada tasvirlashni taqiqlaydi: portretni faqat inson vafotidan ikki yil o‘tgach joylashtirish mumkin. Bundan tashqari, yubiley tangalarini qayta dizayn qilish to‘g‘risidagi maxsus qonun tanganing orqa tomonida har qanday odamning portretidan foydalanishni man qiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid