O‘zbekiston | 10:39
1260
2 daqiqa o‘qiladi

1 oktyabrdan identifikatorsiz qurilishga ruxsat berilmaydi

O‘zbekistonda 2026 yil 1 oktyabrdan qurilish ishlarini boshlash uchun yangi tartib joriy etiladi. Endi istiqbolli qurilish hududiga yagona identifikator berilmasdan turib, qurilishga ruxsatnoma rasmiylashtirilmaydi.

Foto: Kun.uz

Prezident qaroriga muvofiq, qurilish jarayonlarini raqamlashtirish va ular ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida «Uy-joy» yagona raqamli urbanizatsiya platformasida bir qator yangi raqamli instrumentlar joriy etiladi.

Jumladan, qurilishning barcha bosqichlarini kuzatish uchun Istiqbolli qurilish hududining yagona identifikatori, Loyihaning raqamli pasporti hamda Kapital qurilish obektining raqamli pasporti shakllantiriladi. Ushbu tizim «Shaffof qurilish» axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 oktyabrdan yagona identifikator raqami berilmagan qurilish obektlari uchun qurilish ishlarini boshlashga ruxsatnoma berish taqiqlanadi.

Shuningdek, 2027-2028 o‘quv yilidan Toshkent arxitektura-qurilish universitetida Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish fakulteti tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzurida Urbanistika, arxitektura va loyihalashtirish kreativ parki faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorda shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini zamonaviy va arzon uy-joy bilan ta’minlash, shahar muhiti sifatini yaxshilash hamda iqlim barqarorligini mustahkamlash maqsadida Milliy qo‘mitaning BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi — UN-Habitat bilan hamkorligi yanada kengaytirilishi ham belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid