Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fedorov Ukraina mudofaa vaziri lavozimini tark etdi
Ukraina mudofaa vaziri Mixail Fedorov o‘z lavozimini tark etayotganini ma’lum qildi. U faoliyati yakuni bo‘yicha hisobotini e’lon qilib, hamkasblari, harbiylar va xalqaro hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. Ukraina ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, uning o‘rniga hozirgi ichki ishlar vaziri Igor Klimenko tayinlanishi kutilmoqda.
Mixail Fedorov bu haqda o‘zining Telegram sahifasida xabar berdi. U mudofaa vazirligida ishlagan davrini sarhisob qilib, Ukraina xalqiga xizmat qilish o‘zi uchun katta sharaf bo‘lganini ta’kidladi.
Fedorov o‘z faoliyati davomida amalga oshirilgan qator ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Rossiya harbiylarining Starlink tizimidan foydalanish imkoniyatlari cheklangani, dronlar xaridi sezilarli darajada oshirilgani, Uchuvchisiz tizimlar kuchlari uchun yangi dasturlar ishga tushirilganini qayd etdi.
Shuningdek, u Patriot havo mudofaa tizimlari uchun raketa yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar, Gripen qiruvchi samolyotlarini xarid qilish, Ukraina ballistik raketa dasturini rivojlantirish hamda xalqaro harbiy yordam sifatida o‘nlab milliard dollar mablag‘ jalb etilganini o‘zining asosiy yutuqlari sifatida tilga oldi.
Fedorovning ta’kidlashicha, Ukrainada ishlab chiqilgan ballistik raketa ham muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan.
Shu bilan birga, u ayrim muhim vazifalarni to‘liq amalga oshirishga ulgurilmaganini ham tan oldi. Xususan, Mudofaa vazirligini NATO standartlari asosida to‘liq transformatsiya qilish, barcha davlat xaridlarini tender tizimiga o‘tkazish va qarorlar uchun mas’uliyat madaniyatini shakllantirish ishlari hali yakuniga yetmaganini bildirdi.
Mixail Fedorov Ukraina mudofaa vaziri lavozimiga 2026 yil 14 yanvar kuni tayinlangan edi.
Hukumatdagi o‘zgarishlar
14 iyul kuni Ukraina Oliy radasi bosh vazir Yuliya Sviridenkoning iste’fosini qabul qildi. Bu qaror amalda butun hukumatning iste’fosini anglatadi. Yangi hukumat tarkibida mudofaa vaziri lavozimiga hozirgi ichki ishlar vaziri Igor Klimenko tayinlanishi kutilmoqda.
Zelenskiy: Fedorov va Sirskiy o‘rtasida tizimli kelishmovchilik bor
«Ukrainskaya pravda» nashrining yozishicha, prezident Volodimir Zelenskiy parlamentdagi «Xalq xizmatkori» partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida Fedorov hamda Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy o‘rtasida uzoq vaqtdan beri davom etayotgan tizimli ziddiyat mavjudligini aytgan.
Nashr manbasiga ko‘ra, Zelenskiy bu mojaroni hal qilishning iloji bo‘lmayotganini bildirib, «yaxshisi, har ikkisini ham lavozimidan ozod qilish kerak edi, ammo hozir bunday qaror qabul qila olmayman», degan.
Shu bilan birga, Oliy radadagi manbalarning ma’lum qilishicha, Mixail Fedorov prezident jamoasida qoladi. Ammo uning kelgusida qaysi yo‘nalishda faoliyat yuritishi kelasi hafta ma’lum bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Ukraina OAV Fedorovni mamlakat bosh vazirligi uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida ham tilga olgan edi. Yangi bosh vazirni saylash masalasi parlamentning 16 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan majlisi kun tartibidan o‘rin olgan.