Jamiyat | 18:10
661
2 daqiqa o‘qiladi

Mahallalar budjetiga tushadigan mablag‘lar ko‘paytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalar moliyaviy mustaqilligini oshirishga qaratilgan yangi choralarni e’lon qildi. Ularga qo‘shimcha soliq tushumlari va boshqa manbalar hisobidan bu yil 1,6 trillion so‘m, kelasi yildan esa 2 trillion so‘mgacha mablag‘ qoldirilishi rejalashtirilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mahallalar budjetini mustahkamlash bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi. Joriy yil mahallalar budjetiga 600 milliard so‘m mablag‘ qolishi reja qilingan edi.

Iyun oyidagi Prezident farmoni bilan mahallada qoladigan yer va mol-mulk solig‘ining ulushi 10 foizdan 15 foizga oshirildi. Sanitariya qoidalarini buzganlik va noqonuniy qurilish uchun jarimalarning 10 foizi mahallaga tushadigan bo‘ldi.

Shuningdek, 5 ming kvadrat metrgacha bo‘sh binolarni mahallaning o‘zi sotuvga chiqarishiga ruxsat berildi. Buning hisobidan mahallalar budjetiga yana 405 milliard so‘m tushadi.

Endi mahalladagi noturar obektlardan tushgan yer va mulk solig‘ining 5 foizi ham mahallaning o‘ziga beriladi. Bu orqali mahallalar ixtiyorida yiliga yana 400 milliard so‘m mablag‘ qoladi.

Yil davomida eng ko‘p tadbirkorlarni ro‘yxatga olgan, eng ko‘p yangi ish o‘rni yaratgan, tushum darajasi eng yuqori bo‘lgan va eng ko‘p qo‘shimcha soliq bazasi topgan 200 ta mahallaga 2 milliard so‘mdan mukofot beriladi.

Umuman, yangi tashabbuslar hisobiga mahallalar budjetiga tushum bu yil 1 trillion 600 milliard so‘mga, kelasi yildan esa 2 trillion so‘mga yetadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid