Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy yana mudofaa vazirini almashtirmoqda. Bu namoyishlarga sabab bo‘ldi
Mudofaa vazirligi rahbarligiga kelganiga yarim yil bo‘lgan Mixail Fedorovning ketishiga Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy bilan yuzaga kelgan ixtilof sabab bo‘lmoqda. Vazir Zelenskiydan bosh qo‘mondonni iste’foga chiqarishni so‘ragan, prezident esa Sirskiyni tanlagan.
Yarim yil mobaynida Ukraina mudofaa vazirligini boshqarib kelgan Mixail Fedorov yangi hukumatdan o‘rin olmaydi. Fedorovning iste’fosi Ukraina hukumatidagi kadrlar o‘zgarishi fonida ro‘y bermoqda. Oliy rada 14 iyul kuni bosh vazir Yuliya Sviridenkoning iste’fosini qabul qildi, qolgan vazirlar avtomatik tarzda o‘z lavozimlarini yo‘qotishdi. «Ukrainskaya pravda» nashri yozishicha, vazirlarning bir qismi o‘z lavozimiga qaytadan tayinlanadi, hukumat iste’fosi esa «isyonkor» Fedorov ishini hal qilish uchun bahona bo‘ldi.
Fedorovning taqdiri haqida rasman xabar qilinmadi. Uning o‘zi esa amalda hukumatga qaytmasligini tasdiqladi va ijtimoiy tarmoqlar orqali mudofaa vazirligi rahbari lavozimida «ukrain xalqiga xizmat qilish» o‘zi uchun katta sharaf bo‘lgani haqida yozdi.
Mudofaa vaziri bo‘lishdan oldin Fedorov raqamli transformatsiya vazirligini boshqargan. U bu lavozimda ukrainlar hujjatlar, nafaqalar, kreditlar, soliqlar va boshqa masalalarga oid har qanday xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘lgan «Dіya» mobil ilovasini ishga tushirib, amalda «smartfondagi davlat»ni yaratgandi. Keng ko‘lamli urush boshlangach, aynan Fedorov amerikalik milliarder tadbirkor Ilon Mask bilan aloqalari Ukraina qo‘shinlari Starlink orqali sun’iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanishini ta’minlagandi.
Ukraina nashrlariga ko‘ra, endi mudofaa vazirligi boshqaruvi Igor Klimenkoga topshirilishi kutilmoqda. U muqaddam Milliy gvardiya rahbari bo‘lgan, 2023 yildan buyon ichki ishlar vazirligini boshqarmoqda. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Klimenkoning o‘zi yangi lavozimga o‘tishga ro‘yxushlik bermagan. Agar baribir uning yangi tayinlovi amalga oshadigan bo‘lsa, u Rossiya bilan urush davrida Ukraina mudofaa vazirligidagi beshinchi rahbar bo‘ladi.
Ukraina mudofaa vaziri o‘zgarishining asosiy sababi Fedorov va mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy o‘rtasida ixtilof chiqqani bo‘lmoqda. «RBK-Ukraina» suhbatdoshlariga ko‘ra, «Slugi naroda» deputatlari bilan suhbat chog‘ida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Fedorovning ishdan ketishining ikki sababini keltirgan: urush olib borasida Sirskiy bilan turlicha qarashlarga ega bo‘lgani va davlat xaridlarini bosh shtab bilan muvofiqlashtirmaslik.
Anonim tarzda «Ukrainskaya pravda» bilan suhbatlashgan deputatlarning so‘zlariga ko‘ra, «Slugi naroda» partiyasi vakillari bilan uchrashuvda Zelenskiy uchun Fedorovning iste’fosi haqida gapirish «noqulaylik» tug‘dirgan. Yaqinda ham ushbu vazirni mamlakat rahbarining yaqin kishilaridan biri sifatida ko‘rishardi.
Nashrning tasdiqlashicha, Sirskiy va Fedorov o‘rtasidagi ziddiyatga mudofaa vazirligidagi islohotlar sabab bo‘lgan. U shu yil yanvarida yangi mudofaa vaziri etib tayinlangach, vazirlikda keng ko‘lamli kadrlar almashinuvini boshladi, vazirlikni xaridlarda ochiq tenderlarga o‘tkazdi va mudofaa shartnomalari uchun qattiq tekshiruv joriy etdi, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining barcha so‘rovlarini avtomatik qanoatlantirishdan bosh tortdi.
Prezidentning deputatlar bilan uchrashuvi ishtirokchilaridan biri Zelenskiyning so‘zlarini shu shaklda keltiradi:
Ular ikki xil olamda yashaydi. Misha hamma narsani raqamlashtirmoqchi, tizimni texnologiyalar atrofida qurmoqchi. Harbiylar esa shunchaki o‘zlarini eshitishlarini xohlashadi. Ular ma’lum turdagi qurol-yarog‘ sotib olishni so‘rashadi, u esa rad etadi va boshqa yo‘nalishlarni moliyalashtiradi. Ular bir-birlarini eshitmay qo‘yishdi. Urushayotgan mamlakatda Mudofaa vazirligi va Bosh shtab o‘zaro jang qilishiga yo‘l qo‘ya olmayman. Idealda ikkisini ham almashtirish kerak bo‘lardi. Lekin buni bir vaqtning o‘zida qila olmayman.
Prezident Fedorovni ishdan bo‘shatishning yana bir sababini vazir va’da qilingan safarbarlik islohotini amalga oshirmagani deb atadi. «Ukrainskaya pravda» manbalariga ko‘ra, Zelenskiy Klimenko Ukraina qurolli kuchlarini shaxsiy tarkib bilan to‘ldirish tizimida «tartib o‘rnatishi»ga umid qilmoqda. Bu, ayniqsa, sentabr oyida Rossiyada yangi safarbarlik to‘lqini ehtimoli fonida muhimligini ta’kidlagan.
Fedorov jurnalistlar bilan matbuot anjumanida o‘zi va Sirskiy o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelganini tasdiqlagan. O‘zining aytishicha, u «agar biz dushmanni asimmetrik tarzda, minimal yo‘qotishlar bilan mag‘lub etishni istasak», Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy va Bosh shtab boshlig‘i Andrey Gnatovni iste’foga chiqarish kerak, degan taklif bildirgan. Biroq Zelenskiy Sirskiyni ishdan bo‘shatishdan bosh tortgan, vazir buni qabul qilgan va u bilan ishlashda davom etishga rozi bo‘lgan. Ammo Sirskiy prezidentga ultimatum qo‘ygan: men yoki u.
«Biz taklif qiladigan barcha tashabbuslar bloklana boshladi, Sirskiy muammolar haqida ochiq gapirishga tayyor emas. U faqat shaxsiy uchrashuvlar o‘tkazishga, fitna chiqarishga, kimdir mediaga qandaydir kampaniya buyurtma qilgani haqida o‘ylashga tayyor […]. Bu amalda u ultimatum qo‘yishiga olib keldi […] Rossiyani qanday qilib assimetrik tarzda mag‘lub etishni o‘ylab topish o‘rniga – bosh qo‘mondonning vazifasi ham shu edi – u mamlakatni qanday parchalashni o‘ylab topdi», – degan u.
Ukraina, Rossiya va dunyoda Fedorovning iste’fosiga qanday munosabat bo‘lmoqda?
Ukrainadagilar Fedorovning iste’fosini namoyishlar bilan qarshi olishdi. Butun mamlakat bo‘ylab sobiq vazirni qo‘llagan holda aksiyalar o‘tkazilmoqda. Kiyevda odamlar «Fedorovni qaytaring!», «Sharmandalik!», «Sirskiy – iste’foga chiqarilsin!» kabi shiorlarni aytishmoqda. United24 sayti tahririyati esa Fedorov iste’foga chiqarilganidan keyin boshlangan namoyishlarga qo‘shilganini bildirib, ish tashlash e’lon qildi.
Danylo Antoniuk / AP / Scanpix / LETA
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA
Bu vaqtda polkovnik Pavel Yelizarov Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari lavozimidan iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozdi. U o‘z qarorini to‘g‘ridan to‘g‘ri Fedorovning ishdan chetlatilishi bilan bog‘lab, bu «mamlakat mudofaa salohiyati uchun katta yovuzlik» ekanini aytdi. Yelizarov 2026 yil yanvar oyida aynan Fedorov tomonidan havo kuchlari rahbariyatiga tayinlangan edi.
Roman Baluk / Reuters / Scanpix / LETA
Yaqinda Ukraina mudofaasini moliyalashtirish uchun o‘nlab milliard yevro ajratgan Yevropa Ittifoqida Fedorovning iste’fosi savollar tug‘diradi, dedi Yevropa mudofaa komissari Andryus Kubilyus. U buni kutilmagan qaror deb atadi. Kubilyus vazir bilan yaqindan hamkorlik qilgani va ularning birgalikdagi faoliyati davomida ko‘p narsaga, jumladan, Rossiya Federatsiyasi hududlari bo‘ylab deyarli har kuni «dipstrayklar» uyushtirishga erishishganini ta’kidlagan.
Nina Liashonok / Reuters / Scanpix / LETA
Nina Liashonok / Reuters / Scanpix / LETA
The Wall Street Journal jurnalisti Yaroslav Trofimov Fedorovning iste’fosi bilan bog‘liq vaziyatni shunday ta’riflaydi:
Bugun Kiyevda eshitilishi mumkin bo‘lgan odatiy izoh: «Sovet maktabi generallari front chizig‘ining har ikki tomonida bugun shampan vinosi ochmoqda».
Financial Times nashri fikricha, Fedorovning ishdan bo‘shatilishi Ukrainaning mudofaa qobiliyatiga putur yetkazishi mumkin. Maqola mualliflari uni urush davridagi «eng muvaffaqiyatli mudofaa vaziri» va G‘arbdagi hamkorlar hurmat qiladigan va yosh ukrainlar orasida katta obro‘ qozongan «dronlar sohasidagi Ukraina inqilobining me’mori» deb atashgan. Financial Times nashridagilar taxmin qilishicha, Fedorov o‘z mashhurligi va innovatsiyalarni joriy etishga urinishlari bilan «mamlakatning konservativ rahbariyati»ni g‘azablantirmoqda.
Sofiia Gatilova / Reuters / Scanpix / LETA
Rossiyalik Z-blogerlar Fedorovning iste’fosi haqidagi xabarni ma’qullash va ko‘tarinkilik bilan kutib olishdi, deya ta’kidlaydi «Na Zzzzzapadnom fronte bez peremen» telegram-kanal muallifi Ivan Filippov. Z-blogerlar Fedorovni «mudofaa xaridlaridagi odatiy sxemalarni buzgan», «g‘ayratli va ijodiy texnokrat» sifatida e’tirof etishgan. «Zelenskiy bunday samarali va Rossiya uchun xavfli odamni rahbarlik lavozimidan olib tashlagani juda yaxshi yangilik», – deb yozdi «Osvedomitel» telegram-kanali.