Jahon | 09:49
526
3 daqiqa o‘qiladi

Polshada ukrainalik yigit Rossiya razvedkasiga yordam berishda ayblandi

Polsha hokimiyati 18 yoshli Ukraina fuqarosiga Rossiya maxsus xizmatlari topshirig‘i bilan diversiyalar uyushtirish, millatlararo adovatni qo‘zg‘atish va davlat xavfsizligiga qarshi qaratilgan bir qator jinoyatlarni sodir etganlik bo‘yicha ayblov e’lon qildi. Agar aybi isbotlansa, unga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

foto: BBS

Polsha Ichki xavfsizlik agentligi (ABW) ma’lum qilishicha, 14 iyul kuni Ilya K. ismli 18 yoshli Ukraina fuqarosiga rasmiy ayblov e’lon qilingan. Bu haqda agentlik 16 iyul kuni tarqatgan bayonotida ma’lum qildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘ilgan dalillar ayblanuvchi 2024 yil noyabridan 2025 yil avgustigacha bo‘lgan davrda jami 47 ta jinoyatni sodir etgan bo‘lishi ehtimoli yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Polsha prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur jinoyatlar qatorida yodgorliklarni tahqirlash holatlari ham bor. Xususan, Polshadagi Ukraina isyonchilar armiyasi (UIA) qurbonlariga bag‘ishlangan yodgorliklarga «UIAga sharaf» degan yozuvlar tushirilgani va qizil-qora bayroqlar o‘rnatilgani aytilmoqda.

ABW ta’kidlashicha, ushbu harakatlarning asosiy maqsadi Polsha va Ukraina xalqlari o‘rtasida millatlararo nizo va ishonchsizlikni kuchaytirish bo‘lgan.

Idoraning bildirishicha, tergov davomida ijrochilar messenjerlar orqali yollangani, ularga haq kriptovaluta orqali, Rossiya va Xitoyda ro‘yxatdan o‘tgan kriptobirjalar yordamida to‘langani haqidagi sxema ham aniqlangan.

Ayblovning yana bir bandiga ko‘ra, Ilya K. 2025 yil 15 avgust kuni Varshavada o‘tkazilishi rejalashtirilgan Polsha Qurolli kuchlari kuni paradi vaqtida diversiya tayyorlagan. Tergovchilarning fikricha, u parad chog‘ida mamlakat prezidenti Karol Navrotskiy harakatlanishi rejalashtirilgan avtomobil ustida uchuvchisiz uchish apparati (dron)ni havoga ko‘tarishni rejalashtirgan.

Prokuratura ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi dron turini tanlash, uni sotib olish xarajatlari va topshiriqni bajarish tartibini muhokama qilgan. U parad o‘tkazilishidan uch kun oldin qo‘lga olingan.

Shu bilan birga, Polsha Ichki xavfsizlik agentligi iyun oyi oxirida Rossiya tomonidan moliyalashtirilgan aksiyalarga odam jalb qilganlikda gumon qilinib, to‘qqiz nafar Ukraina va ikki nafar Belarus fuqarosi mamlakatdan deportatsiya qilinganini ham e’lon qilgan edi.

Idora ma’lumotiga ko‘ra, ular Polshada yashovchi ukrainalik qochqinlar orasida turli norozilik aksiyalarini tashkil etish uchun ishtirokchilarni yollagan va ularning qatnashuvi uchun haq to‘lagan.

Ayni paytda mazkur ayblovlar Polsha huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, sud hali ushbu ish yuzasidan yakuniy qaror chiqarmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid