O‘zbekiston | 09:59
8170
3 daqiqa o‘qiladi

Rustam Jo‘rayev Prezident Davlat xavfsizlik xizmati raisi etib tayinlandi

O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoni bilan Rustam Mirzayevich Jo‘rayev prezident Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga tayinlandi. Shuningdek, unga general-leytenant maxsus unvoni berildi.

Foto: Kun.uz

Prezidentning tegishli farmonlariga muvofiq, Rustam Mirzayevich Jo‘rayev O‘zbekiston prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga tayinlandi.

Shu bilan birga, davlat rahbarining yana bir farmoniga asosan unga general-leytenant maxsus unvoni berildi.

Rustam Jo‘rayev huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida katta tajribaga ega rahbarlardan biri hisoblanadi. U 1968 yil 26 iyulda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1986–1988 yillarda harbiy xizmatni o‘tagan, 1994 yilda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1989 yilda jinoyat qidiruv tizimida kichik tergovchi sifatida boshlagan. Keyinchalik Toshkent shahar Yunusobod tumanida tergovchi va katta tergovchi, IIVning turli tuzilmalarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2008–2012 yillarda Prezident devonida inspektor va bosh inspektor lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, u Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i, Namangan va Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmalari boshlig‘i lavozimlarida xizmat qilgan. 2017–2018 yillarda Favqulodda vaziyatlar vaziri, 2018–2020 yillarda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari hamda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i bo‘lgan. 2020 yil mart oyida Milliy gvardiya qo‘mondoni etib tayinlangan, 2026 yil yanvar oyida esa ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i lavozimiga o‘tgan.

Rustam Jo‘rayev mehnat faoliyati davomida «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist» faxriy unvoni bilan ham taqdirlangan. U yangi lavozimda mamlakatning davlat xavfsizligini ta’minlash, milliy xavfsizlikka tahdidlarning oldini olish va sohadagi tizimli islohotlarni amalga oshirishga mas’ul bo‘ladi.

Avvalroq Alisher Usmonov O‘zbekiston prezidentining davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimidan ozod etilgan edi.

Alisher Usmonov mazkur lavozimda 2020 yil dekabridan buyon ishlab kelayotgandi. U bunga qadar davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid