Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Venesueladagi seysmik ofat: qurbonlar soni 5 mingdan oshdi
24 iyun kuni Venesuelada yuz bergan ikki kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 5 069 nafarga yetdi. Mamlakat rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, 16,7 mingdan ortiq kishi jarohatlangan, qariyb 18 ming nafar aholi esa uy-joyidan ayrilgan.
Venesuelada 24 iyun kuni kechqurun sodir bo‘lgan ikki kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 5 069 nafarga yetdi. Bu haqda mamlakat Milliy assambleyasi raisi Xorxe Rodriges ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat natijasida 16 740 nafar kishi turli darajada jarohat olgan, 17 907 nafar fuqaro esa o‘z uyidan ayrilgan. Shuningdek, qutqaruvchilar tomonidan 6 462 nafar odam topilgan, qariyb 37 ming nafar jabrlanganga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, zilzila oqibatida 190 ta bino butunlay vayron bo‘lgan, yana 856 ta inshootga jiddiy zarar yetgan.
Mutaxassislar ushbu hodisani «seysmik duplet» deb baholamoqda. Dastlab magnitudasi 7,2 bo‘lgan zilzila qayd etilgan, bir daqiqadan ham kam vaqt o‘tib esa magnitudasi 7,5 bo‘lgan ikkinchi kuchli silkinish sodir bo‘lgan.
Birinchi zilzilaning episentri Karib dengizi sohilida joylashgan Moron shahridan g‘arb tomonda, Karakasdan taxminan 168 kilometr uzoqlikda qayd etilgan. Yerosti silkinishining o‘chog‘i 13 kilometr chuqurlikda bo‘lgan. Keyingi zilzilaning episentri esa Morondan 16 kilometr masofada, 10 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Milliy assambleya raisi Xorxe Rodrigesning ta’kidlashicha, halok bo‘lganlarning katta qismi mamlakatning sohilbo‘yi hududlariga to‘g‘ri keladi. Uy-joyidan ayrilgan minglab odamlar vaqtinchalik lagerlarga joylashtirilgan. Xalqaro axborot agentliklari ma’lumotiga ko‘ra, ushbu lagerlarning ko‘pchiligida ichimlik suvi va sanitariya sharoitlari yetarli emas.
Zilzila oqibatlarini bartaraf etish ishlarini moliyalashtirish uchun Venesuela hukumati Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ)dagi o‘z resurslaridan 346 million dollar mablag‘ni yo‘naltirgan. Bu haqda mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges ma’lum qildi.
1 iyul kuni Venesuelada zilzila qurbonlari xotirasiga yetti kunlik milliy motam e’lon qilingan edi. O‘shanda rasman tasdiqlangan halok bo‘lganlar soni taxminan 2 300 nafarni tashkil etgan.
Delsi Rodriges o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida mamlakat og‘ir yo‘qotishni boshidan kechirayotganini ta’kidlab, halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirgan hamda jarohatlanganlar, bedarak yo‘qolganlar va tabiiy ofatdan jabrlanganlar uchun duo qilishga chaqirgan.
Mavzuga oid
18:27 / 14.07.2026
BMT Farg‘ona vodiysini zilzila xavfi yuqori hududlar qatoriga kiritdi
08:55 / 07.07.2026
Venesueladagi ofat: qurbonlar soni ortib bormoqda
08:28 / 02.07.2026
Venesuelada yetti kunlik motam e’lon qilindi
15:38 / 01.07.2026