O‘zbekiston | 19:07 / 12.10.2016
7791
7 daqiqa o‘qiladi

XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasining birinchi kuni yakunlandi

Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mitaning eng muhim tadbirlari reyestriga kiritilgan ushbu yarmarka dunyo miqyosida paxta bozori siyosatini belgilovchi nufuzli anjumanlardan biridir. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2005 yildan buyon an'anaviy o‘tkazilayotgan yarmarka “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo,  Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, Tovar-xomashyo birjasi va “Sifat” markazi hamkorligida tashkil etildi. 

Xalqaro paxta uyushmasi, Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mita, “Cotton Outlook” xalqaro axborot agentligi va Xalqaro to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi singari nufuzli tashkilotlar bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, deb yozmoqda O‘zA axborot agentligi. 

O‘zbek paxta tolasiga bo‘lgan ehtiyoj jahon bozorida muntazam ortmoqda. Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi ishtirokchilari yil sayin ko‘payib borayotgani ham shundan dalolatdir. Misol uchun, 2005 yilgi dastlabki yarmarkada 30 mamlakatdan 170 ga yaqin kompaniya vakillari qatnashgan bo‘lsa, 2010 yilda 34 davlatdan 300 dan ziyod firma va kompaniya mutaxassislari ishtirok etdi. Bu yil anjumanga 40 dan ziyod davlatdan vakillar qatnashmoqda. Ayni vaqtda o‘zbek paxtasini yetkazib berish ko‘lami tobora kengayib, dunyoning yangi-yangi mintaqalari qamrab olinmoqda.

“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi raisi A.Kamolov, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati raisi I.Haydarov va boshqalar O‘zbekiston jahon paxta bozoridagi yetakchi mamlakatlardan biri bo‘lib, paxta ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda oltinchi, eksport bo‘yicha beshinchi o‘rinda turishi, eksport imidjini mustahkamlash uchun keng ko‘lamli ishlar qilingani, jahon bozorida raqobat kuchayayotgan hozirgi sharoitda o‘zbek paxta tolasining raqobatbardoshligini yanada oshirish zarurligini  alohida ta'kidladi.

“Cotton Outlook” xalqaro axborot agentligi bosh muharriri R.Batler o‘zbek paxta tolasi xalqaro standartlarga to‘la javob berishi, tola ishlab chiqarish darajasi barqaror saqlanayotgani iste'molchilarga maqbul kelayotganini alohida qayd etdi. 42 mamlakatni birlashtirgan Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mitaning boshqaruvchi direktori A.Gitchuns esa dunyo miqyosida katta ahamiyatga ega ushbu nufuzli paxta forumida bir necha yillardan buyon ishtirok etayotganidan mamnunligini bildirib, izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli O‘zbekiston jahon paxta bozorining yirik ishtirokchilaridan biriga aylanganini ta'kidladi.  

Yarmarkada ishtirokchilar O‘zbekistonda yangi va istiqbolli navlarni yaratish, agrotexnika tadbirlari va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, paxta yetishtirishdan uni tayyorlash, saqlash va transportirovka qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni o‘z ichiga olgan paxta sanoatini yanada rivojlantirish strategiyasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Yarmarkaning asosiy voqealari «O‘zekspomarkaz» maxsus pavilonida o‘tmoqda. Pavilon xalqaro yarmarka standartlariga muvofiq jihozlangan bo‘lib, tarmoqqa oid barcha ma'lumotni qamrab olgan axborot stendlari o‘rnatilgan. Anjuman qatnashchilari bu yil mamlakatimiz paxta zavodlarida ishlab chiqarilgan 650 turkum tolaning namunalari bilan tanishish va sifat jihatidan o‘z ehtiyojlariga mos toylarni tanlab olish imkoniga ega.

– Biz 50 ming tonna a'lo sifatli tola xarid qilish to‘g‘risida shartnoma imzoladik, – deydi Bangladeshdagi “Dsm Commodities Ltd.” kompaniyasining vakili  Fashxur Rahmon. – Muzokaralar jarayoni hamjihatlik ruhida o‘tmoqda, sotish shartlari barcha xalqaro standartlarga mos. Xalqaro yarmarkada ishtirokimiz juda samarali bo‘ldi,  u yangi aloqalar o‘rnatish, yanada foydali bitimlarni amalga oshirish imkonini berdi. Kompaniyamiz hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor.

Mamlakatimizda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, yurtimizda yetishtirilgan paxtadan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi sa'y-harakatlar o‘z samaralarini berayotir. Misol uchun, 90-yillarning boshida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksportining umumiy hajmi 7 million AQSh dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, sohada olib borilgan izchil islohotlar va yangi bozorlarni egallash hisobiga bu ko‘rsatkich bir milliard dollarga yetib, tayyor mahsulotlar dunyoning ellikdan ortiq mamlakatiga eksport qilinmoqda.

So‘nggi yillarda o‘zbek tolasi toifa va  mikroneyri bo‘yicha eng sifatli, deb e'tirof etilmoqda. Bu Birinchi  Prezidentimiz Islom Karimovning sohaga oid farmon va qarorlarining bajarilishi natijasida amalga oshirilgan tarkibiy o‘zgarishlar samaradorligining yorqin ifodasidir. Mamlakatimizning bu sohadagi siyosati barqaror ishlab chiqarish hajmlarini saqlash, o‘zbek paxtasining mintaqaviy va xalqaro savdosi uchun raqobat muhitini yaratishga asoslangan.
   
Bu yilgi xalqaro yarmarka doirasida, avvalgilaridan farqli o‘laroq, “Paxta sanoatining rivojlanishi va jahon bozorida o‘zbek paxta tolasi raqobatbardoshligini oshirish istiqbollari”, “To‘qimachilik tarmog‘ining raqobatbardoshligini oshirish – eksport imkoniyatlari ortishining muhim omili”, “Paxta va to‘qimachilik tarmoqlarida ilmiy va texnologik yangiliklar” kabi mavzularda uchta seksiyaga bo‘lingan holda o‘zaro muloqotlar o‘tkazilmoqda.

Yarmarka doirasida ishtirokchilar “Toshkent-tola” paxta terminali, Toshkent viloyatidagi “O‘zbekiston” paxtani qayta ishlash zavodi,   «UzteksChirchiq»  qo‘shma korxonasida bo‘lib, mamlakatimiz paxtachilik sektorida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samaralari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yengil sanoat salohiyati, jumladan, mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan turfa liboslar namoyishi ham rejalashtirilgan. 

XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasining ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi. 


 

Mavzuga oid