Jahon | 19:53 / 14.10.2016
4504
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy janubidagi konda portlash oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi

Foto: © AP

Xitoy janubidagi Guychjou viloyatidagi konlardan birida yuz bergan portlash oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi, deb ma'lum qildi 14 oktabrda Xitoyning Ishlab chiqarishda xavfsizlikni nazorat qilish bosh davlat boshqarmasi. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda.   

Boshqarma ma'lumotlariga ko‘ra, portlash Tsyansinan-Bui-Myao muxtor okrugidagi Chjenfen uyezdida joylashgan konda kunning ikkinchi yarmida yuz bergan. Portlash yuz bergan vaqtda yer ostida 18 kishi bo‘lgan, ulardan 11 nafari yuzaga chiqa olishgan. Ulardan ikki nafari og‘ir jarohatlar olgan, biroq ularning hayotlari xavf ostida emas.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, portlashga gaz bug‘larining detonatsiyasi sabab bo‘lgan. Mahalliy hukumatga jabrlanganlarga zarur yordamni ko‘rsatish buyurildi, voqea tergov qilinmoqda.

Xitoy tog‘-kon sanoati dunyodagi eng xavflilaridan biri hisoblanadi, unda har yili minglab konchilar halok bo‘ladi. Shu tufayli Xitoy hukumati oxirgi yillar xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. 

Xitoyda 2016 yilning dastlabki 6 oyi ichida ko‘mir konlarida 107 ta falokat yuz berdi, ularda 205 konchi halok bo‘ldi.

 

Mavzuga oid