Ekonomika | 19:45 / 23.10.2016
47473
5 daqiqa o‘qiladi

Korzinka.uz supermarketlari rahbari Zafar Hoshimovning yoqilg‘i narxi haqidagi mushohadalari

Ma'lumki, 23 oktabrdan e'tiboran yoqilg‘i bahosi soliq hisoblarini e'tiborga olgan holda oshirildi. Bunga yurtdoshlarimiz turlicha munosabat bildirishmoqda.

Korzinka.uz supermarket qatorlari rahbari Zafar Hoshimov o‘zining Facebook'dagi sahifasida so‘nggi kunlarda katta bahslarga sabab bo‘layotgan yoqilg‘i narxining oshishi borasidagi fikrlarini bayon qildi. 
 
"Ishonchim komilki, mening fikrim mashhur bo‘lmaydi, biroq shunday bo‘lsa ham, men uni bayon qilishga jazm qildim. 

Mening xotiramda turli mavsumlarda, lekin ko‘pincha kech kuzda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shahobchalarida soatlab navbat poylashlar muhrlanib qolgan. Yoqilg‘i olish uchun uzundan-uzun navbat kutib turganda, biror kimsa bilan suhbatlashib qolganda, ijtimoiy tarmoqlardagi postlarda buning uchun benzin quyish shahobachalari, "O‘zbekneftgaz", hukumat va hatto bir-birlarini qarg‘ab ketishadi. 

Iqtisodiy jihatdan bilimli inson davlat har doim biz xarid qiladigan yoqilg‘i narxini chuqur subsidiyalashtirishini yaxshi anglaydi. Mamlakatimizda avtomobillarga bo‘lgan talab davlat belgilab bergan yonilg‘ining past bahosi tufayligina shunday yuqoridir. Buning natijasida ko‘pchilik oilalar bugungi kunda 2-3 mashinaga ega. Biz yonilg‘ini o‘ylamay sarflaymiz, o‘zimiz nafas oladigan havoni ifloslantirishimiz to‘g‘risida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Hozirning o‘zidayoq bizda aholi jon boshiga yonilg‘i iste'moli ba'zi Yevropa mamlakatlari darajasidan o‘tib ketgan. Bularning barchasini subsidiyalashtirish esa davlat byudjyeti tomonidan, bizning soliq to‘lovlarimizdan amalga oshiriladi. O‘ylab ko‘rilsa, bu pullarni jamiyat uchun foydasi ko‘proq tegadigan boshqa narsalarga ham sarflash mumkin. 

Bu yerda aholining ijtimoiy himoyasi haqida gapirishga hojat yo‘q. Aksincha, oila qanchalik badavlat bo‘lsa, unda shunchalik mashina ko‘p bo‘ladi, shuncha ko‘p yoqilg‘i sarflanadi va tabiiyki, bunday farovon uy xo‘jaligi davlatga shuncha qimmatga tushadi. Aholining jamoat transportidan foydalanuvchi nisbatan imkoni kamroq qatlamlari yoki ko‘p benzin sarflanmaydigan bir mashinaga ega oilalar esa kamroq yoqilg‘i ishlatishadi hamda tabiiyki, bunday oilalar davlat tomonidan ta'minlangan imtiyozli narxlardan kamroq foydalanishadi. Shunday ekan, suv, issiqlik va elektr energiyasi kabi yoqilg‘i narxini subsidiyalashtirish orqali aholini himoya qilish eng maqsadli chora-tadbir emas. 

Har qanday aniq fanlar kabi iqtisodiy nazariyaning ham o‘z qonunlari bor. Ularni inkor qilish mumkin, lekin baribir to‘lovni to‘liq amalga oshirishga to‘g‘ri keladi. Ana shunday qonunlardan biri - talab va taklif qonuni. Agar talab taklifdan oshib ketsa, u holda mahsulot qadrlanmagan bo‘ladi va uning yo narxi o‘sadi, yoki - navbatlar. Mana shu tafovutni biz baribir to‘laymiz. Nima bo‘lganda ham,  bir litr yoqilg‘i bizga 2075 so‘mdan ortiqqa tushayotgandi. Uni shu narxda sotib olish uchun barchamiz shu kunlarda katta navbatlarda turishimizga to‘g‘ri keldi, bunga esa qancha vaqt va asab zoye ketdi - ular bepulmi? Shuningdek, davlat yoqilg‘i uchun o‘z byudjyetidan yana pul ham qo‘shadi, bu pullar esa ta'lim, ilm-fan, infratuzilma yoki sog‘liqni saqlash kabi muhim sohalar rivoji uchun sarflanishi ham mumkin edi. Bundan ham yomoni - ba'zan yoqilg‘ini yuqori narxlarda "olib sotarlar"dan xarid qilishga to‘g‘ri kelganligi. Ularning kim ekani-yu, yoqilg‘iga "nimalar" aralshtirib sotayotgani esa bizga qorong‘u... Shu tariqa, davlatning yaxshiligidan faqat g‘araz niyatli kimsalargina foydalanishlari mumkin edi. 

Shuni bilish muhimki, chayqovchilik - yoqilg‘ini subsidiyalashtirilgan davlat narxida ortiqcha iste'mol qilish natijasida yuzaga kelgan tanqislikning singlisi.

Shuning uchun men yoqilg‘i narxining ko‘tarilishi borasida qo‘yilgan qadamni ijobiy qarshi olaman. Bu to‘g‘ri, mardona va mas'uliyatli qadam, deb bilaman. Qo‘yilgan bu qadam davlatning pullarini tejaydi va bizni tanqislik hamda soatlab navbat poylashlardan xalos qiladi". 


 

Mavzuga oid