13:27 / 26.12.2016
23810

Tu-154 halokatining taxminiy sabablari ma'lum qilindi

Foto: TASS

Sochida yuz bergan Tu-154 samolyotining halokatiga terakt sabab bo‘lgani haqidagi taxminlar asosiy versiya emas. Bu haqda Rossiya transport vaziri Maksim Sokolov xabar berdi. U hodisa sabablarini surishtirish bo‘yicha hukumat komissiyasiga rahbarlik qilmoqda.

"Bugun halokatga asosiy sabablar orasida terrorchilik akti yo‘q. Shu sababdan bizning fikrimizcha, halokatga texnik holat yoki uchuvchilarning xatosi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ammo buni mudofaa vazirligining maxsus texnik komissiyasi aniqlashini ta'kidlab o‘tgan bo‘lardim", - deya aytib o‘tdi Sokolov halokat sabablarini tekshirish bo‘yicha komissiya shtabi yig‘ilishi yakuniga bag‘ishlangan brifingda.

Vazir Sochidan Moskvaga, bosh vazir Dmitriy Medvedevga halokat bilan bog‘liq hisobotni taqdim etish uchun qaytib kelmoqda.

Sokolov keyinchalik halokat sabablarini aniqlash bo‘yicha komissiya faoliyatini masofadan turib nazorat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Sochidan Suriyaga parvoz qilgan va 25 dekabr erta tongda radarlardan yo‘qolib qolgan Tu-154 harbiy samolyoti Qora dengiz ustida falokatga uchragan. U Adler aeroportidan yoqilg‘i quyilgach parvoz qilib, havoda ikki daqiqa atrofida bo‘lgan. Samolyotda 92 kishi, jumladan Aleksandrov nomidagi qo‘shiq va raqs ansambli artistlari, "Spravedlivaya pomoshch" xalqaro jamoatchilik tashkiloti rahbari Yelizaveta Glinka (doktor Liza), Rossiya mudofaa vazirligi madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Anton Gubankov, Aleksandrov nomidagi ansambl badiiy rahbari general-leytenant Valeriy Xalilov hamda Rossiyaning Birinchi kanali, NTV va "Zvezda" telekanallari jurnalist va operatorlari bo‘lgan. 

Top