9 dekabr kuni An-22 rusumli harbiy-transport samolyoti ta’mirdan keyingi parvoz chog‘ida Ivanovo oblasti hududida qulab tushdi. Ishlab chiqarilganiga 60 yil bo‘lgan ushbu samolyot uzoq vaqt davomida dunyodagi eng yirik harbiy transport vositalaridan biri bo‘lib turgan.
«Samolyot kimsasiz hududga qulagan. Qidiruv-qutqaruv guruhi ekipaj taqdirini aniqlash uchun samolyot qulagan joyga uchib ketdi», – deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida.
TASS manbasi aniqlik kiritishicha, samolyot bortida jami yetti kishi bo‘lgan.
An-22 («Antey») – sovetlarning og‘ir turbovintli transport samolyoti, dunyodagi eng katta turbovintli samolyot hisoblanadi.
Halokat Ivanovo shahri shimolida joylashgan Uvodskiy suv ombori hududida sodir bo‘lgan, samolyot parchalari suvdan topilgan, deb xabar berdi TASS suhbatdoshi. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, An-22 ta’mirdan so‘ng rejali parvozni amalga oshirayotgandi.
«Kommersant» nashri yozishicha, An-22 «to‘satdan havoda bo‘linib keta boshlagan», fyuzelyaj parchalari esa Ivankovo qishlog‘i yaqinidagi suv omboriga qulagan.
Nashrning Rossiya Mudofaa vazirligidagi suhbatdoshlari samolyotdan 50 yildan ortiq vaqt davomida foydalanilgani, parvoz reglament bo‘yicha navbatdagi ta’mirlash ishlaridan so‘ng amalga oshirilganini aytgan. Manbalarga ko‘ra, u Rossiyada foydalanishda bo‘lgan so‘nggi An-22 samolyoti edi.
Bu qanday samolyot?
BBC harbiy sharhlovchisi Pavel Aksenov
2025 yilda An-22 samolyotining birinchi parvoziga 60 yil to‘ldi.
Uzoq vaqt davomida bu samolyot dunyodagi eng yirik harbiy transport vositalaridan biri bo‘lgan. U hali ham eng katta turbovintli samolyot bo‘lib qolmoqda.
Biroq, uning asosiy xususiyatlari – yuk ko‘tarish qobiliyati va yuk kabinasining hajmi – avvaliga An-124 va keyinchalik Il-76MF ning kattalashtirilgan versiyasi paydo bo‘lishi bilan An-22 o‘ziga xos samolyot bo‘lmay qoldi.
Ushbu samolyotning yana bir xususiyati – yaxshi tayyorlanmagan yo‘laklardan uchish va qo‘nish qobiliyati bunday og‘ir mashinalar uchun noyob bo‘lib qolaveradi. Biroq, bu borada u Rossiyaning asosiy transport samolyoti Il-76 dan unchalik ustun emas.











